Bugungi kunda respublikada 134 ta paxta-to‘qimachilik klasterlari 1 034 ming gektar maydonda faoliyat yuritmoqda. Paxtachilik sohasida klaster tizimini joriy etilishi paxta yetishtiruvchilarning moddiy manfaatdorligi va qo‘shimcha rag‘batlantirishni 1,5-1,6 barobarga oshishiga olib keldi. Jumladan, uch yil mobaynida 32 ta paxtachilik klasteri tomonidan jami 30,3 ming gektar, xususan, 2019-yilda 17,2 ming gektar, 2020-yilda 11,9 ming gektar hamda 2021-yilda 1,2 ming gektar yer maydonlari qayta foydalanishga kiritildi.
2022-yilda esa, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 1 034 ming gektar maydonda 3,4 mln tonna paxta xomashyosi yetishtirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, klasterlar tomonidan 2022-2025-yillar mobaynida sanoat sohasini rivojlantirish maqsadida qiymati 33,6 trln so‘mlik 378 ta loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan bo‘lib, ularda 129,3 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.
Maʼlumot o‘rnida aytish kerak, respublika klasterlar tizimi 2017-yilda joriy etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi “Buxoro viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2978-son qarori asosida Buxoro viloyatida “BCT cluster” MCHJ QK hamda 2017-yil 15-sentyabrdagi “Sirdaryo viloyatida zamonaviy paxtachilik-to‘qimachilik klasterini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3279-son qarori asosida “Bek cluster” MCHJ QK paxta-to‘qimachilik klasterlari tajriba-sinov tariqasida tashkil etildi.
Tajriba-sinov davrida ushbu klasterlar yuqori natijani qayd etishdi. Bu esa, 2018-yilda paxta-to‘qimachilik klasterlari soni 16 taga, 2019-yilda 77 taga, 2020-yilda 99 taga hamda 2021-yil hosilidan klasterlar soni 122 taga, 2022-yilda 134 taga yetishiga va klasterlar respublikada mavjud paxta maydonlarini 100 foiz qamrab olishiga zamin yaratdi.
Klasterlar jalb etayotgan investisiyalar
2019-yil 18-noyabrda tashkil etilgan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “POLY TEX SIRDARYO” MCHJ ham ana shunday muvaffaqiyat qozonayotgan paxta-to‘qimachilik klasterlaridan biri. U o‘zida “Logistika markazi”, “ Yog‘-moy korxonasi”, “Yoqilg‘i mahsulotlari bazasi”, “Mineral o‘g‘itlar bazasi”, “Paxta tozalash korxonasi”, “Ip-kalava fabrikasi”, Sayxun gold oil” kabi infratuzilmalarni birlashtirgan. Xususan, “Yog‘-moy korxonasida” qiymati 2 million dollar bo‘lgan, yiliga 30 ming tonna paxta chigitini qayta ishlashga mo‘ljallangan bo‘lib, jami 6 ming tonna sifatli yog‘ ishlab chiqaradi. Eʼtiborlisi, ushbu yo‘nalishda 70 nafardan ortiq fuqarolar doimiy ish bilan taʼminlanib, daromad ko‘ra boshlashdi.
Bugungi kunga kelib, “Poli Tex Sirdaryo” paxta-to‘qimachiligi klasteriga 500 milliard so‘mga yaqin investitsiya jalb qilindi. Natijada Germaniya, Rossiya va Xitoy davlatlari bilan hamkorlikda eng zamonaviy logistika markazi, yog‘-moy korxonasi, fermer xo‘jaliklariga xizmat qiluvchi yoqilg‘i va mineral o‘g‘itlar bazasi qurilib, ishga tushirildi. Germaniyaning eng ilg‘or korxonalaridan biri Trützschler GmbH & Co. KG kompaniyasi bilan birgalikda qurilgan ip-kalava korxonasi o‘z faoliyatini boshladi va 2000 dan ortiq yangi, doimiy ishchi oʼrni yaratildi.
“Poli Tex Sirdaryo” paxta-to‘qimachiligi klasteriga qarashli 10 ming gektar maydonga paxta ekildi. Ushbu klaster qoshida ilmiy markaz ham tashkil etilgan bo‘lib, chigit ekish va uni parvarishlash jarayonlariga ilmiy asosda yondashiladi. 11 nafar akademik va olimlar tomonidan paxta tolasining sifatini yaxshilash va hosildorlikni oshirish borasida ilmiy ishlar olib borilib, tuman iqlim sharoitiga moslashtirilgan “Poli Tex 1” va “Poli Tex 2” navlari bo‘yicha tajribalar o‘tkazilmoqda. Biomahsulotlar esa dronlar va zamonaviy texnikalar yordamida sepilmoqda.
“Poli Tex Sirdaryo” paxta-to‘qimachiligi klasteri mineral o‘g‘it va kimyoviy preparatlarni saqlash bazasini ham tashkil etdi. 30 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan omborda 75 nafar yoshlar ish bilan taʼminlandi.
Innovatsiyalar— klasterlar xizmatida
Zamonaviy paxta-to‘qimachilik klasterlarini innovatsion texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. “Paxta ilmiy-innovatsiya markazi” MCHJ mutaxassislari Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “POLY TEX SIRDARYO” paxta-to‘qimachilik klasteri dalalarida “Agrokeep” kompaniyasi (Rossiya) tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy meteostansiyalarni o‘rnatdi. Bu meteostansiyalar uzluksiz meteorologik o‘lchovlar o‘tkazish va yig‘ilgan ma’lumotlarni iste’molchilarga ma’lum ketma-ketlikda va yagona metodika bo‘yicha uzatish uchun standart asboblar bilan jihozlangan. 3 ta “NERO” lokal meteostansiyalari va 3 ta statsionar “KAIPOMINI” meteostansiyalari o‘rnatilgan bo‘lib, ular atrof-muhitni avtonom intellektual monitoringi tizimi sifatida 14 ming 200 gektar maydondagi “POLY TEX SIRDARYO” klasteridagi qishloq xo‘jalik ekinlariga xizmat ko‘rsatadi.
Maqsadlar va rejalar bisyor
“Poli Tex Sirdaryo” paxta-to‘qimachiligi klasteri 2022-2024-yillarda ulkan maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan. Urug‘chilik, chigit va boshoqli don urug‘larini zamonaviy usulda tayyorlash korxonasi ishga tushirilishi mo‘ljallangan. 1,5 million dollarga teng qiymatda baholanayotgan ushbu loyiha ishga tushsa, yana 90 nafardan ortiq ishchining xonadoniga daromad kiradi.
Umuman olganda, bugungi paxta klasterlari turli vazifalarni bajaruvchi farzandlardan iborat ahil oilaning bir jamoada birlashishi demakdir. Bu yerdagi mehnatkashlik va ishbilarmonlik esa, ularni mo‘may daromad topishga va qo‘shimcha rag‘batlarga ega bo‘lishga olib keladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: