O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Andijon ilmiy tajriba stansiyasi ko‘rgazma maydoni hududida “Fermer Kuni” tadbiri va uning doirasida treninglar o‘tkazildi.
Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari “Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish, II bosqich” loyihasi B komponenti: Qishloq xo‘jaligini intensifikatsiyalash va diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” loyihasi doirasida “Annexure Financial Solutions Limited” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan olib borildi.
Treningda qishloq xo‘jaligi boshqarmasi xodimlari, viloyat AKIS agroxizmatlar markazlari mutaxassislari, mahalliy fermerlar va dehqon xo‘jaligi rahbarlari, shuningdek, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti professor-o‘qituvchilari va magistr talabalari, doktorantlari, joylardagi trenerlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasi hududida tashkil etilgan Ko‘rgazma maydoni to‘g‘risida maʼlumot berildi: jami maydoni, geografik joylashishi, tuproq-iqlim sharoitlari, bu yerda namoyish qilingan tomchilatib sug‘orish tizimida yetishtirilayotgan kartoshka navlari, sabzavot va poliz ekinlari bo‘yicha maʼlumotlar berildi va tarqatma materiallar taqdim etildi.
So‘ng amaliy mashg‘ulotlar dala sharoitlarida davom ettirildi. Unda suv tejaydigan sug‘orish texnologiyalari, vegetatsiya davrida ekinlarni sug‘orish uchun zarur bo‘lgan suv miqdori, ekinlarda zararkunandalarning ko‘payishi va tarqalishini prognozlash, shuningdek, takroriy ekinlarni yetishtirishda yer maydonini tayyorlash hamda qurg‘oqchilikka chidamli vegetativ va urug‘dan ko‘payuvchi turlarni tanlash va urug‘larni stratifikatsiya qilish masalalari muhokama etildi.
Bundan tashqari, trening davomida ekspertlar tomonidan moliyaviy va yuridik masalalar bo‘yicha fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislarning bilim va axborotlarga bo‘lgan talablari baholandi.
“Farg‘ona vodiysida suv resurslarini boshqarish, II bosqich” loyihasi B komponenti: Qishloq xo‘jaligini intensifikatsiyalash va diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash hamda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish” loyihasining maqsadi – sug‘oriladigan dehqonchilikni barqaror rivojlantirishni taʼminlash hamda Farg‘ona vodiysida suv va yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, joylardagi hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, kelajakda suv tanqisligining oldini olish, yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari yuqori hosildorligini va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdan iborat.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: