Alisher Shukurov, O‘zR qishloq xo‘jaligi vazirining iqtisod, innovatsion rivojlanish va investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi:
Qarorda qanday tashabbuslar ilgari surilgan?
– Sohani rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosini taʼminlash bo‘yicha davlatimiz rahbarining muhim hujjati qabul qilindi. Ushbu qaror bilan bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida tranformatsiyani, yaʼni sohani yangi bosqichga olib chiqish, unga yangi innovatsiyalarni joriy qilish, eng avvalo, bu boradagi xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan o‘zgartirishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Maʼlumki, O‘zR qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi o‘zida 9 ta muhim ustuvor vazifasini qamrab olgan:
Birinchi vazifa — bu O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash. Bu borada strategiya bilan 2022-yilda sohada oziq-ovqat sanoatini, eng avvalo, unda sifat nazoratini kuchaytirish bilan bog‘liq yangi tashabbuslar ilgari surilgan. Bunda Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida oziq-ovqat xavfsizligi va sifat nazoratini joriy qilish bo‘yicha O‘mon Qirolligi bilan hamkorlikda yangi laboratoriya tizimini joriy qilish, shuningdek, Qo‘qonda xalqaro oziq-ovqat texnologiyalari va muhandisligi institutini tashkil etish kabi tashabbuslar ilgari surilgan. Ushbu loyihalarni amalga oshirilishi natijasida avvalo, sohada mutaxassislarni tayyorlash, yangi texnologiyalarni joriy qilish, laboratoriya tizimini yana-da kengaytirish bilan bog‘liq vazifalar yo‘lga qo‘yilishi belgilab o‘tilgan.
Qishloq xo‘jaligida ilm, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi borasida qanday chora-tadbirlar belgilangan?
– Yana muhim bir yo‘nalish bu qishloq xo‘jaligida ilm, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini joriy qilishdir. Bunda birinchi navbatda O‘zbekistonning iqlim sharoitlaridan, rivojlangan davlatlarning tajribalaridan kelib chiqqan holda respublikada bugungi kunda muhim bo‘lgan tarmoqlardan biri bo‘lgan pistachilik yo‘nalishini rivojlantirishga eʼtibor qaratilmoqda. Turkiya tajribasini inobatga olgan holda, ushbu davlat bilan hamkorlikda pistachilik ilmiy markazini joriy etish nazarda tutilgan.
Shuningdek, yana bir muhim yo‘nalish bu qishloq xo‘jaligida urug‘chilik tarmog‘ini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hozirda yetakchi mamlakatlarda, xususan, bugungi kunda Serbiya davlatida urug‘chilik sohasida olib borilgan ko‘p yangiliklarni davlatimizda ham joriy qilish imkoniyatlari katta. Shu munosabat bilan Serbiya-O‘zbekiston hamkorligidagi Urug‘chilik ilmiy markazini tashkil etish masalasi ham ushbu qarorda aks ettirilgan.
Sohani raqamlashtirishga doir qanday yangiliklar kutilmoqda?
– Bugungi kunda soha uchun muhim bo‘lgan yana bir yo‘nalish bu sohani raqamlashtirishdir. Qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni kengroq joriy qilish, albatta, bu birinchi navbatda sohadagi aniqlik, shaffoflik, tizimni transformatsiya qilishni nazarda tutadi. Bunda qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilarga maʼlumotlarni yetkazib berishdagi uzviylikni taʼminlash va haqqoniy shaffof maʼlumotlarni taqsimlashda yagona qishloq xo‘jaligida raqamlashtirilgan tizimni joriy qilish lozimligiga eʼtibor qaratiladi. Bu borada ham bugungi kunda ushbu qaror bilan amalga oshiriladigan tadbirlar belgilab o‘tilgan.
Ushbu tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar xususida.
– Qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda 2022-yilda qishloq xo‘jaligi sohasiga 400 mln AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish ko‘zda tutilgan. Bunda eng avvalo, ishlab chiqaruvchilarga, fermerlarga, klassterlarga, kooperatsiya tizimlariga imtiyozli kreditlarni taqdim qilish, umuman moliyalashtirish tizimida yangi mexanizm joriy qilinadi. U nimadan iborat? Ishlab chiqaruvchilarga imtiyozli kreditlarni taqdim qilishda 2022-yildan boshlab, bank xizmatlaridan tashqari qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan “Agroservis” davlat unitar korxonasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish mexanizmi orqali tayyor bog‘larni barpo etib berish, shuningdek, kichik agrologistika markazlarini tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lgan loyihalar moliyalashtiriladi. Qarorda har bir viloyatda kamida bittadan kichik agrologistika markazini tashkil qilish va uni moliyalashtirish tizimini joriy etish ham belgilangan.
Shuningdek, mazkur hujjatda xalqaro moliya institutlaridan jalb etilgan mablag‘larni yo‘naltirishda eng avvalo, sohani transformatsiya etish, innovatsiyalarni joriy qilishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bunda dastlabki bosqichda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish yo‘nalishiga 20 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratiladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasiga texnik ko‘mak ham shular jumlasidan. Yaʼni grant mablag‘larini ajratish bilan ham ushbu qarorda alohida vazifalar belgilab o‘tilgan. Unga ko‘ra, 400 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘larini jalb qilish tadbirlari ham belgilangan.
2022-yilda sohaga 325 million AQSH dollari miqdoridagi yangi xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar ham yo‘naltiriladi. Bunda birinchi navbatda meva-sabzavot tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkilotidan 200 million AQSH dollari miqdorida, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Osiyo Taraqqiyot banki tomonidan 100 million AQSH dollari miqdorida, kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadlari uchun Germaniyaning “KfW” banki tomonidan 30 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar ham ushbu yilda jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: