Bugun respublikamizda foydali va erta hosilga kiruvchi rezavor mevalarga bo‘lgan talab ortmoqda. O‘rta Osiyo, Sharqiy Sibir, Uzoq Sharq, AQSH va Yevropa davlatlarida keng tarqalgan malina o‘simligi respublikamizda ham o‘stiriladi. Mamlakatimizda uning “Barnaul”, “Visluxa”, “Progress”, “Malboro” navlari ekiladi.
Malina yetishtirish bo‘yicha tavsiya
Malinaning 120 ga yaqin yovvoyi turlari mavjud. Ammo uning madaniy— oddiy, qizil, dag‘al tukli yoki Amerika malinasi, g‘arbiy yoki maymunjonsimon navlarigina tomorqalarda yetishtiriladi.
O‘simlik ildiz bachkilari, ildizi va qalamchalaridan ko‘paytiriladi. Tez hosilga kiruvchi malinaning qalamchasi ekilgach, ikkinchi yili meva tugadi. Uchinchi yilda esa, serhosil bo‘ladi. Respublikamizda u simbag‘azlarga ko‘tarib o‘stiriladi. Hosili yig‘ib olingach, bir yillik novdalari qoldiriladi, qolganlari qirqib tashlanadi. Uni sernam, suvni yaxshi o‘tkazadigan, yer osti suvlari kamida 1,5 metr chuqurlikda bo‘lgan yerlarga ekish tavsiya etiladi. Yoz mavsumida uning qator oralari yumshatiladi, 10-12 marta sug‘oriladi.
Eʼtiborlisi, malina yilda ikki marta gullab, hosil beradi. Birinchi hosilda u may oyining oxiri, iyunning boshlarida terib olinadi. Ikkinchi marotaba avgust oyining keyingi yarmida meva tugadi. Malinani ertalab yoki kunning ikkinchi yarmida, harorat pasaygandan so‘ng terib olish kerak.
Foydasi bisyor
Inson salomatligiga foydalaligi jihatidan malina chempion mevalardan hisoblanadi. Uning tarkibida B va C vitaminlari mavjud. Dorivor sifatida uning mevalari va barglaridan foydalaniladi. Shamollash, gripp kasalliklarini yengishda, isitmani tushirishda uning foydasini alohida eʼtirof etiladi. Shuningdek, u insonning immun tizimini mustahkamlaydi, organizmning infeksiyalarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi.
Malina tomirlardagi qonning ivuvchanligini meʼyorlashtirib, tromb hosil bo‘lishining oldini oladi. Darvoqe, uning mevasi va barglaridan tayyorlangan damlamalar bavosil, yuqori qon bosimi kasalliklariga shifo bo‘ladi.
Uning quritilgan gulidan olinadigan damlamasi ilon va chayon chaqqanda qo‘llaniladi.
Malina kasallanganda…
Ushbu dorivor o‘simlik bemorlarning salomatligini yaxshilashda beminnat ko‘makchi bo‘lsa-da, uning o‘zi ham kasallikka chalinib turadi. Malinaning oq dog‘lanish, vilt va boshqa kasalliklari mavjud. Qo‘ng‘izlar, bargxo‘rlar, shilliqurt, o‘rgimchakkana, qalqondorlar uning asosiy zararkunandari hisoblanadi. O‘z vaqtida agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishi va mutaxassislar tavsiya etgan muolajalarni qo‘llash malina daraxtini saqlab qoladi.
Malinani vaqtida butalab, eʼtibor bilan parvarish qilinsa, u 10-12 va undan ham ko‘proq yillar hosili bilan siylaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: