O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori Husniddin Karimov boshchiligidagi mutaxassislar guruhi 2022-yil uchun ekilgan poliz va sabzavot ekinlarini hamda yangi ekilgan ko‘chat navlarini ko‘zdan kechirish maqsadida Navoiy viloyatining Nurota tumanida bo‘ldi. Tashrif mobaynida Agentlik masʼullari Nurota tumanidagi pomidor ekilgan maydonlarni ham ko‘zdan kechirishdi. Shuningdek, viloyatning Qiziltepa tumanidagi “Qiziltepa golden meva sabzavotchilik” klasteridagi bog‘larda ham bo‘lib, fermerlarga kerakli maslahatlar berildi. Ma’lum bo‘lishicha, Navoiy viloyatida 2022-yilda meva, sabzavot, kartoshka yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi korxonalariga urug‘lik kartoshka xarid qilishga 3473 mln so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. |
2022-yilda viloyatning asosiy yer maydonlariga 3241 gektar sabzavot, 3200 gektar kartoshka va 547 gektar poliz ekinlari hamda bog‘-tok qator oralariga 3742 gektar sabzavot, 464 gektar kartoshka 620 gektar poliz ekinlari ekish belgilangan. Eʼtiborlisi, ekinlarni ekishda Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi bilan fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida 265 mln so‘mlik 535 ming dona sabzavot ko‘chatlarini sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzildi. Jumladan, 280 kilogramm oshqovoq urug‘lari ham aynan ushbu agentlik tomonidan yetkazib berildi. 2022-yilda 508 gektar maydonda yangi bog‘lar tashkil etish rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: