1-2 iyun kunlari Toshkent shahrida respublikadagi ilmiy–tadqiqot va boshqaruv institutlari vakillari, qishloq xo‘jaligi ishtirokchilari uchun “O‘zbekiston rivojlanish yo‘lida: qishloq xo‘jaligi va oziq–ovqat tadqiqotlarini transformatsiya qilish” mavzusidagi II Milliy Forum o‘z nihoyasiga yetdi.
Ushbu Forum O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi (AKIS) hamda Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) tomonidan Yevropa Ittifoqi (YI), BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), YI ASK Facilty dasturi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning moliyaviy va texnik ko‘magi bilan tashkil etildi.
Birinchi kunda Milliy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tadqiqotlari Forumi ishtirokchilari uch sho‘baga bo‘lingan holda seminarda qatnashdilar. Bular oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish, barqaror suv va yer boshqaruvi hamda iqlim o‘zgarishi, qo‘shimcha qiymat zanjirlari, eksport va import, bozorlar yo‘nalishlaridir. Shuningdek, tadqiqotlar olib borishdan kutilayotgan natijalar va ularga erishish yuzasidan amalga oshirilishi zarur bo‘lgan harakatlar haqida fikr almashinildi.
Barqaror suv va yer boshqaruvi hamda iqlim o‘zgarishi tadqiqotlarini rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash darajasini oshirish, energiya va resurslarni tejovchi, agro-smart texnologik vositalarni ishlab chiqish, kombinatsiyalangan agregatlardan foydalanishga doir takliflar ilgari surildi.
Ishtirokchilar tomonidan oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish yo‘nalishida tadqiqotlarni rivojlantirishdan kutilayotgan asosiy natijalardan biri sifatida oziq-ovqat mahsulotlarining uzoq muddatli barqarorligiga erishish belgilandi. Ushbu maqsad yo‘lida oziq-ovqat tovarlarining barcha uchun muvofiq narxda va yetarli energetik quvvatga ega bo‘lishini ta’minlash kabi vazifalar ustuvor deb topildi.
Uchinchi sho‘ba qo‘shimcha qiymat zanjirlari, eksport va import, agrar oziq-ovqat mahsulotlarning patentlanishi va mualliflik huquqi himoyasini ta’minlash, ishlab chiqarish standartlarini o‘rganish va tatbiq qilish kabi jarayonlarga alohida e’tibor qaratilishi kerakligini ko‘rsatdi.
Milliy forumning ikkinchi kuni qiziqarli muhokama va bahslarga boy bo‘ldi. Xususan, agrar soha tadqiqotchilari va ishlab chiqaruvchilar sho‘balar bo‘yicha birinchi kunda erishilgan natijalar yuzasidan taqdimot qildi.
Forum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning Milliy strategiyasi maqsadlariga erishish uchun ilm-fan va innovatsiyalardan samarali foydalanishning ahamiyati alohida e’tirof etilib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) sektorga oid tadqiqot, maslahat xizmatlari, ta’lim va tashabbus va dasturlarini bir joyga jamlovchi va yo‘naltiruvchi asosiy mexanizm sifatida faoliyatini jadallashtirishi zarurligi ta’kidlandi.
Ikki kun davomida olib borilgan ilmiy baxslar, munozara va amaliy mashg‘ulotlar natijalari tahlil qilinib, II Milliy Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida ilmiy tadqiqotlar forumi rezolyutsiyasi ishlab chiqildi.
Rezolyutsiyada qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektori tadqiqotlarini yanada rivojlantirish yo‘lida:
1) AKIS boshqaruv kengashi orqali ustuvor rivojlanish ehtiyojlariga yo‘naltirilgan, integratsiyalashgan Milliy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tadqiqotlari dasturi (NARP) uchun 3 yillik mablag‘ va nazorat mexanizmini joriy etish,
2) Forumni O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi, bilim va innovatsiyalar tizimini boshqarishda ishtirok etadigan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda boshqa vazirlik va idoralarning ilmiy tadqiqot siyosati va qarorlarini qabul qilishga ta’sir o‘tkazuvchi va maslahatlar beruvchi o‘ziga xos qonuniy tuzilma sifatida e’tirof etish kabi tavsiyalar qayd etildi.
Kun yakunida Forum Rezolyutsiyasini tegishli davlat yuqori organlari vakillariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: