Mamlakatimizda tashqi savdoni liberallashtirish, turli xil tarif va notarif cheklovlarni kamaytirish, monopoliyani bartaraf etish choralari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tashqi savdo geografiyasi, mahsulot va xomashyo turlari hamda reteylerlar va taʼminotchi davlatlarni diversifikatsiya qilish orqali iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish va narxlar barqarorligini taʼminlash borasida ham amaliy choralar ko‘rilmoqda.
2022-yil 1-choragida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 13 155,8 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 174,8 foizga oshgan. Tashqi savdoda eksport ulushi ijobiy o‘zgarib, o‘tgan yilning 1-choragiga nisbatan 12,8 foizga oshib, 43,9 foizni tashkil etdi. Umumiy eksport hajmi 5 772,2 mln dollar (238,7%)dan iborat bo‘lgan.
Import ulushi esa 56,1 foizgacha pasaydi va 7 383,1 mln dollar (o‘sish 144,6%)ni tashkil etdi.
Mazkur tahliliy maʼlumotda 2021-yilning yanvar-mart oylariga nisbatan joriy yilda Respublikaning tashqi savdo aylanmasida oziq-ovqat mahsulotlari importining ulushi va hajmini yuqori surʼatlarda o‘sishiga taʼsir ko‘rsatgan omillar tahlili asosida, sabablarni yoritishga xarakat qilingan.
Davlat statistika va Davlat bojxona qo‘mitalarining maʼlumotlariga muvofiq joriy yil yanvar-mart oylarida mamlakat oziq-ovqat mahsulotlari importining tarkibi 2021-yil importining tarkibiga nisbatan sezilarli darajada o‘zgargan. Xususan, margarin va o‘simlik yog‘i, go‘sht, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulushi ortgan.
Shunindek, import geografiyasi, mahsulot turlarining ulushi va hajmi ham nisbatan o‘zgargan bo‘lib, asosiy mahsulot import qilib olingan davlatlar ichida birinchi o‘ringa Qozog‘iston 309,7 mln dollar, ikkinchi o‘ringa Rossiya Federatsiyasi 205,2 mln dollar va uchinchi o‘ringa 97,5 mln dollar hajm bilan Braziliya davlati chiqqan.
Tahlillarga tayanadigan bo‘lsak, mamlakat importining ortishiga quyidagi omillar taʼsir ko‘rsatgan:
Birinchi omil – bu Rossiya Federatsiyasi va Belаrus davlatlariga nisbatan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevroittifoq va boshqa rivojlangan davlatlar tomonidan qo‘llanilgan misli ko‘rilmagan iqtisodiy sanksiyalar jahon oziq-ovqat bozorida narxlarning va logistika tariflarini yuqori surʼatlarda o‘sganligidir.
2022-yil mart oyida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (OQT) maʼlumotiga ko‘ra, OQT Oziq-ovqat narxlari indeksi 159,3 punktni tashkil etib, fevral oyiga nisbatan 12,6 foizga va 2021-yil mart oyi Indeksiga nisbatan 33,6 foizga yuqori bo‘lgan.
Davlat Statistika qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2022-yil 1-choragida 201,6 mln dollarlik bug‘doy import qilingan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 62,1 mln dollar (43,9%)ga oshgan. Shu bilan birga, mazkur davrda 803,6 ming tonna, o‘tgan yilga nisbatan 88 ming tonnaga ko‘p bug‘doy import qilingan. O‘rtacha sotib olingan bug‘doy narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 128,7 foizga qimmat bo‘lgan.
Hisob-kitobga ko‘ra, bug‘doy importining 62,1 mln dollarga o‘sishiga joriy yilda sotib olingan bug‘doy o‘rtacha narxining 128,7 foizga qimmatlashganligi 40,0 mln dollar (64,4%) hajmda hamda 88,0 ming tonna ko‘p bug‘doy sotib olingani 22,1 mln dollar (35,6%)ga oshishiga taʼsir ko‘rsatdi.
Huddi shunday, un importi 28,8 mln dollarni tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,8 mln dollar (60 %)ga oshgan. Import qiymatining oshishiga sotib olingan unning o‘rtacha narxini 141,2 foizga oshganligi 7,4 mln dollar (69,1%)ga import qiymatini oshishiga taʼsir ko‘rsatdi. Import qilingan un hajmining 10,9 ming tonnaga (60,6%) oshganligi, import qiymatini 3,3 mln dollarga (30,9%) oshishiga sabab bo‘ldi.
Kartoshkaning import hajmi 38,6 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,2 mln dollar (168%) ga oshgan.
Kartoshka importining 24,2 mln dollarga o‘sishiga joriy yilda sotib olingan kartoshkaning o‘rtacha narxini 180,3 foizga qimmatlashganligi 11,6 mln dollar (47,8%) hajmda hamda 75,1 ming tonnaga ko‘p sotib olinganligi esa 12,6 mln dollar (52,2%)ga oshishiga taʼsir ko‘rsatdi.
Margarin va margarin mahsulotlarining import qiymati 71,6 mln dollar (555,0%)ga oshib, 84,5 mln dollarni tashkil etdi. Margarin va margarin mahsulotlari importi hajmi o‘tgan yillning mos davriga nisbatan 50,2 ming tonnaga oshib, umumiy import qiymatini 98,1 foizga va hajmining 70,3 mln dollarga (544%) oshishi taʼsir ko‘rsatgan. O‘rtacha narxning 110,4 foizga qimmatlashishi esa eksport qiymatini 1,9 foizga oshishiga taʼsir ko‘rsatdi.
Huddi shunday boshqa mahsulotlarni ham import hajmini oshishiga narxlarning o‘zgarishi va reeksport hajmi katta taʼsir ko‘rsatgan.
Ikkinchi omil – bu O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bir qator qo‘shni davlatlarga bug‘doy, un va o‘simlik yog‘i mahsulotlarini eksport va reeksport qilish hajmining o‘sishi hisoblanadi.
Un eksportining taʼsiri ham bug‘doy va bug‘doy unining importiga sezilarli darajada taʼsir ko‘rsatdi.
Shu davrda 85,8 mln dollarlik 270,9 ming tonna, o‘tgan yilga nisbatan 42,2 ming tonna yoki 118,5 foizga ko‘p bug‘doy uni eksport qilingan. Un importi qiymatining o‘sishiga eksport miqdorining ortganligi 17,5 mln dollar (125,7%) hajmida taʼsir ko‘rsatgan.
Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonga import qilingan unga nisbatan mamlakatimizdan eksport qilingan un hajmi 2,9 barobar ko‘pdir.
Joriy yil yanvar-mart oylarida 25,7 ming tonna bug‘doy eksport qilinib, o‘tgan yilga nisbatan
25,3 ming tonnaga (87,3 barobar) ko‘pdir.
Shuningdek, bug‘doy reeksportining 23,3 ming tonnaga oshganligi import hajmini 7,3 mln dollarga oshishiga omil bo‘lgan.
Bug‘doy va bug‘doy unining asosiy importyori Afg‘oniston Islom Respublikasi hisoblanib, joriy yil yanvar-mart oylarida 25,7 ming tonna bug‘doy va 270,9 ming tonna bug‘doy uni O‘zbekistondan import qilgan. Un eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 118,5 foizga oshgan yoki 42,2 ming tonnaga ko‘paygan.
Joriy yil 1-choragida 9554,4 tonna o‘simlik yog‘i eksporti amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,6 barobarga ko‘paygan. Bu o‘z navbatida o‘simlik yog‘i importini 10,1 mln dollarga oshirgan bo‘lsa, sotib olingan o‘rtacha narxlarni 112,5 foizga o‘sishi esa import qiymatini 9,5 mln dollarga oshishiga sabab bo‘lgan.
Qolgan import qilingan mahsulotlar bo‘yicha ham ichki isteʼmolni oshganligi va ulardan tayyorlangan tayyor mahsulotlarni eksportga yo‘naltirish hajmlarini ko‘payish tendensiyasi mavjudligi asosida ham tahlil qilish mumkin.
Xulosa o‘rnida taʼkidlash joizki, oziq-ovqat mahsulotlari importining umumiy hajmini o‘sishiga o‘rtacha import narxlarining qimmatlashuvi qariyb 55-60 foiz darajasida taʼsir ko‘rsatgan bo‘lsa, import qilingan mahsulotlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar eksporti hajmining o‘sishi 40-45 foiz taʼsir ko‘rsatganini ko‘rishimiz mumkin.
Hukumatning saʼy-harakatlari birinchi navbatda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash orqali aholining o‘zimizda ishlab chiqarilmay import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini uzluksiz, to‘liq assortimentda va hajmda qondirishga hamda bozorlarda narx-navo barqarorligini taʼminlashga qaratilgan. Shuningdek, yuqori surʼatlarda rivojlanayotgan respublika oziq-ovqat sanoati korxonalarining xomashyo, yarim tayyor va to‘ldiruvchi mahsulotlar bilan taʼminlashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Statistik tahlil boshqarmasi maʼlumotlari asosida tayyorlandi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: