O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Osiyo byurosi ma’muriyati yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaurning qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To‘rayev hamda iqtisod, innovatsion rivojlanish va investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Alisher Shukurovlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar USAID va vazirlik o‘rtasida “Agrobiznesni rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida bog‘dorchilik, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish, ayollarning iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilishdi.
“USAIDning O‘zbekiston hukumati va xususiy sektori bilan hamkorlikda olib boradigan ishining asosiy elementi ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlardir. Gender tenglik va ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bizning taraqqiyot borasidagi ishimizning markazida turadi. AQSH O‘zbekistondagi ayollarga bog‘dorchilik sohasida o‘z ishini boshlash va rivojlantirish, yangi korxonalar ochish va mavjudlarini kengaytirishga yordam berdi, – deydi USAID Osiyo byurosi ma’muriyati yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur. – Bugun men USAID joriy yil yozida O‘zbekistondagi qishloq ayollari iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishi uchun qo‘shimcha ravishda 2,4 million dollar ajratishini e’lon qilishdan juda mamnunman”.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu mablag‘lar O‘zbekiston, ayniqsa, Orolbo‘yi hududidagi qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish, kasb-hunar berish, mikromoliyalashtirish, murabbiylik va bandlik dasturlarini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.
“USAID tashkiloti tomonidan ilk bor katta miqdorda, yaʼni 2,4 mln dollar miqdorida agrar sektorda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mablag‘ ajratilmoqda. Bu O‘zbekiston ayollari uchun nafaqat motivatsiya sifatida xizmat qiladi, balki ularni qishloq xo‘jaligi sohasiga faol jalb qilishda yordam beradi. Shuningdek, ish bilan taʼminlash masalalari hal etiladi. O‘zR Prezidenti tashabbusi bilan kambag‘allikni qisqartirish vazifasi qo‘yilgan. Ayollar orasida ishsizlikni kamaytirish ushbu yo‘lda qo‘yilgan qadamlardan biridir. Bugungi kunda USAID loyihalari doirasida ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda. Bu borada Missuri, Texas universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, minglab talabalar, fermerlar va butun respublika bo‘yicha tadbirkorlar uchun yuzdan ortiq treninglar o‘tkazilgan. Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va agroturizm sohalarida o‘z biznesini rivojlantirish uchun yangi ish boshlagan tadbirkorlarga grant mablag‘lari ajratilmoqda”, – deya ta’kidlab o‘tdi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To‘rayev.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: