OʻzR Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼullari hamda Yevropa Ittifoqining Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash va soha bilimlarini oshirish (ASK Facility) dasturi ekspertlari dehqonchilik va bogʻdorchilik sektorida qoʻshilgan qiymat zanjirini oʻrganish maqsadida Boʻka va Zangiota tumanlariga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida ikki tumanning qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlari, Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi boʻlimi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda klasterlar vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazildi. Joylarda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish texnologiyalari, ishlab chiqarish resurslari va xizmatlari, infratuzilma kabi qoʻshimcha qiymat zanjiriga taʼsir etuvchi omillar chuqur oʻrganildi.
Uchrashuvlarda taʼkidlanganidek, mahsulotlarni yakuniy isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan yigʻish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va sertifikatlash kabi jarayonlarga sarflanadigan xarajatlarning yuqoriligi qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari oladigan foydani kamaytiradi. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PF-5853-son Farmonida qoʻshilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Chunki qoʻshilgan qiymat zanjirlari mahsulotlarni eng minimal xarajat evaziga maksimal foyda bilan isteʼmolchilarga yetkazib berishga yordam beradi.
Bu kabi uchrashuvlar Toshkent viloyatining boshqa tumanlarida ham uyushtirilib, olingan maʼlumotlar viloyatda qoʻshilgan qiymat zanjirlarini rivojlantirish yuzasidan tahlil va takliflarini ishlab chiqishda foydalaniladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: