O‘zbekistonda sholidan yuqori va barqaror hosil yetishtirish, aholining guruch mahsulotiga bo‘lgan talabini to‘la qondirish va importni kamaytirish maqsadida bugungi kunda mahalliy tuproq-iqlim sharoitlariga mos, don sifati va hosildorligi yuqori navlarni joylashtirish, ularni yetishtirishda yuqori samarali resurstejamkor agrotexnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Respublikada 2022-yil hosili uchun 117,7 ming gektar maydonga sholi ekilishi rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 57,1 ming gektari asosiy maydonlarga va 60,6 ming gektari takroriy ekin sifatida ekiladi. Ushbu maydonlardan jami 578 ming tonna sholi hosilini olish kutilmoqda.
Bugungi kunda sholi asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan, Andijon, Jizzax, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida yetishtirilmoqda
Sholidan mo‘l hosil olishda quyidagi uch omil muhim hisoblanadi:
– sholining eng istiqbolli, serhosil navlari va ularning yuqori avlodli urug‘liklarini tanlash;
– ushbu nav urug‘ini ekish uchun yaxshi unumdor yer-suv sharoitlarini yaratish;
– ilg‘or yetishtirish texnologiyalari asosida parvarishlash hamda o‘z muddatida hosilni nes-nobud qilmay o‘rib-yig‘ib olishdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sholi yetishtirishni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq 2021-yilda jami sholi maydonlarining kamida 20 foizida sholini ko‘chatlab ekish, 50 foizida lazer uskunalari yordamida yer tekislash tizimini joriy etish, 30 foizida sholini zamonaviy urug‘ seyalkalari orqali ekish ishlari tashkil etildi. 2022-yili bu ko‘rsatkichlarni yana-da oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan o‘rtacha hosildorlikni gektariga 49,1 sentnerga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Sholi qanday usullarda ekiladi?
Sholi asosan 2 xil, yaʼni urug‘dan va ko‘chat usulida ekiladi.
Urug‘idan ekilganda ham o‘z navbatida 2 xil usulda: zamonaviy usuli don ekish seyalkasi yordamida qatorlab yoki chorraha usulida hamda ivitilgan urug‘larni qo‘lda sochgan holda.
Urug‘chilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklarda urug‘larni don seyalkasi yordamida ekish tavsiya etiladi. Bu ekish usulida o‘simlik dalada bir tekis o‘sib rivojlanadi, yotib qolishi kamayadi, sholining hosildorligi oshadi va sifatli urug‘lik olinadi. Don seyalkasi bilan urug‘lar seyalka soshniklari tuproqqa 1,5-2 sm chuqurlikka ekadigan qilib sozlangan holda ekiladi. Ushbu usulda ekish xisobiga, urug‘lik gektaridan 60-80 kg.dan, suv 35 foiz iqtisod qilinadi.
Barcha usullar orasida eng foydalisi shaxmat usulida ekish hisoblanadi. Hozirgi kunda respublikamizda eski va eng ko‘p tarqalgan usul – sochma usuldan foydalaniladi. Bu usulni qo‘llash asosan sholi ekiladigan mintaqalarning o‘ziga xos shart-sharoitlariga bog‘liq. Undan tashqari, sholi respublikamiz sholi maydonlarining bir qismida ko‘chat usulida yerga qadaladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: