Madaniylashgan yer tuti O‘zbekistonda XIX asr oxiri XX asr boshlaridan o‘stirila boshlandi. 1995–96-yillari Toshkent shahrining gubernatori o‘zining dala hovlisiga Rossiyadan yer tuti ko‘chatlarini olib kelib ektiradi. Yer tuti chiroyli qizil rangga kirib, mevasi pishgan vaqtda bog‘bonlar uning qanday nomlanishini so‘rashadi. Shu tariqa mevaning ushbu turi xalqimiz tilida “klubnika” dan “qulupnay” tarzida o‘zlashib kirib kelgan.
Aslida, qulupnay rezavor мева emas. Mazali qizil mevalar gulo‘rin bo‘lib, ushbu o‘simlikning «haqiqiy mevalari» — pishgan qulupnayning yuzi bo‘ylab qoplangan mayda yong‘oqchalardir.
Yuqorida aytganimizdek, «qulupnay» degan o‘simlikning o‘zi yo‘q. Aslida, uch turdagi yertut (Fragaria) shunday ataladi: yashil yertut (Fragaria viridis), mushk yertut (Fragaria moschata), ananas yertut (Fragaria ananassa). Bizda yashil yertut keng tarqalgan.
O‘zbekistonda qulupnay
O‘zbekistonda yetishtiriladigan rezavorlar orasida qulupnay maydoni va hosildorligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Mamlakatimizdagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda 2022-yil hosili uchun 1,4 ming gektar ochiq maydonda qulupnay yetishtirilmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 117 foizga ko‘pdir.
Ochiq maydonda jami 28,2 ming tonna qulupnay yetishtirilmoqda. Qulupnay yetishtirish uchun ajratilgan maydonlar bo‘yicha Samarqand, Toshkent, Namangan, Farg‘ona viloyatlari yetakchilik qilmoqda.
Zamonaviy issiqxonalarda 660 tonna qulupnay yetishtirilmoqda. Issiqxonalarning umumiy maydoni 41,5 gektarni tashkil etadi.
Eksport
Respublikada 2021-yilda qiymati 950 ming dollarlik 464 tonna, 2022-yilning 20-may holatiga ko‘ra, qiymati 118 ming dollarlik 126 tonna qulupnay eksport kilingan. 2022-yilda yanvar-may xolatiga ko‘ra Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston mamlakatlariga qulupnay eksporti amalga oshirilgan.
2021-yil mobaynida 5 ta mamlakat, jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlarga eksport qilingan.
Uning salomatlikka foydasi qanday?
Qulupnayning asosiy xususiyatlaridan biri C (askorbin kislotasi) vitaminiga boyligidir, uning tarkibidagi ushbu vitamin sitrus mevalardagidan ko‘ra ko‘proq. Shuningdek, uning tarkibiga B vitamini kiradi. Bundan tashqari, u makro va mikroyelementlarga boy: kalsiy, fosfor, temir, marganets, kaliy, magniy, sink, mis, kremniy, natriy, yod, va hokazo. Uning tarkibidagi tuzlar metabolizmni tezlashtiradi.
Qulupnay peshob haydovchi va terlatuvchi xususiyatlarga ega bo‘lib, tarkibida antioksidantlar ko‘p bo‘lgani tufayli tanani tozalaydi.
Qulupnay barglarida vitamin C, karotin, alkaloidlar, efir moylari, teri oshlovchi moddalar, fitonsidlar mavjud. Ildizida ham teri oshlovchi moddalar bor.
Qulupnay navlari haqida
O‘zbekistonda yirik mevali qulupnayning “O‘zbekiston”, “Toshkent”, “O‘zbekiston go‘zali”, “Zenga-Zengana”, “Bauntiful”, “Redgountlent”, “Kobra”, “Shreder xotirasi”, “Preya”, «Bomba» va boshqa navlari yetishtiriladi.
«O‘zbekiston» navi. U qishga yaxshi chidamli. Mevasi qizil, nordon-shirin, xushbo‘y, go‘shti o‘rtacha zichlikda. Mevaning o‘rtacha vazni 8–10 gramm. Tashish uchun yaroqli. Meva berish davri 25–30 kun davom etadi. Xalqda bu nav “Jaydari” deb ataladi.
«Zenga-Zengana»navi. Mevaning o‘rtacha vazni 6–8 gramm. Mevasi to‘q qizil, konussimon shaklda. Dastlabki ikki yilda hosil juda yuqori – 80–200 s/ga. Mevalar may oyining ikkinchi o‘n kunligida pishadi. Pishib etish davri 20–25 kun. Mevalari tashish uchun yaroqli.
“O‘zbekiston go‘zali” navi. Tur o‘z-o‘zidan changlanadi, erta pishib yetiladi (may oyining birinchi o‘n kunligi). Pishib yetish davri 25–30 kun. Mevalari katta (33 grammgacha), o‘rtacha vazni 7,5 gramm. To‘q qizil rangli, juda mazali. Hosildorligi 73,6 dan 234 s/ga.gacha. Meva Farg‘ona vodiysining shag‘alli tuproqlarida yaxshi o‘sib, yuqori hosil beradi.
«Shreder xotirasi» navi. U qishga chidamli. Mevalari juda katta (75 g gacha), o‘rtacha vazni 10–12 g. To‘q qizil rangli, mazasi nordon-shirin, xushbo‘y. Yuqori mahsuldor nav, o‘rtacha hosildorlik 80–100 s/ga, agrotexnikadan to‘g‘ri foydalanganda 150 sentnerga yetadi.
«Bauntiful» – AQSH navi. Mevalari pushti, sersuv, yengil iforga ega. Nav o‘z-o‘zidan changlanadi. Pishib yetilish davri 25–30 kun. Hosildorlik gektariga 180 dan 220 sentnergacha o‘zgarib turadi. Nav Davlat reyestriga kiritilgan.
«Kobra» – Germaniyadan keltirilgan, o‘z-o‘zini changlatuvchi qulupnay navi. Mevalar may oyining ikkinchi yarmida pishib yetila boshlaydi. Ularni qayta ishlash va uzoq masofalarga tashish oson. Meva to‘q qizil, nordon, katta (13 dan 45 grammgacha). Pishib yetilish davri 20–25 kun. Hosildorlik 120–130 q/ga. Turli davlatlar reyestriga kiritilgan.
«Redgountlet» – Angliyadan keltirilgan o‘z-o‘zini changlatuvchi nav. May oyining boshlarida pishib yetiladi. Mevasi konussimon, qizil rangda, ta’mi nordon-shirin, xushbo‘y. O‘rim-yig‘im davri 25–30 kun, 150 s/ga va undan yuqori hosil beradi. Mevaning o‘rtacha og‘irligi 13 gramm, eng kattasi 35 gramm. Nav Davlat reyestriga kiritilgan.
O‘zbekistonga 2011–2013-yillar Koreyadan ikkita nav keltirilgan “Solxьyan” va “Minxьyang”. Hozirda fermerlar orasida shu ikkita navni ekish keng tarqalgan. Ular remontant nav hisoblanadi. Issiqxona uchun mo‘ljallangan.
Ekishga tayyorlash
Avvalo, O‘zbekiston sharoitida qulupnay yetishtirishning asosiy sharti—uni o‘z vaqtida sug‘orish ekanligini ta’kidlash joiz. O‘sish davrida qulupnay 13–24 marta sug‘oriladi, har bir sug‘orishda gektariga 300 dan 800 m3 gacha suv sarflanadi.
Qulupnay ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, bir joyda 3 yildan 8 yilgacha o‘sishi mumkin. Bu yillarda tez-tez sug‘orish tufayli yerni begona o‘tlar bosib ketadi, tuproq zichlanadi, kasallik va zararkunandalar tarqaladi. Shuning uchun, qulupnay ekishdan oldin yerni chopiq qilish, begona o‘tlar va zararkunandalardan tozalash va o‘g‘itlash kerak.
Tuproqni qanday o‘g‘itlash kerak?
Tuproqning unumdorligiga qarab, har bir kvadrat metr yer uchun 60–100 g superfosfat bilan 2 dan 5 kg.gacha mahalliy o‘g‘it aralashtiriladi. O‘g‘it 30–40 sm chuqurlikka, shag‘alli tuproqlarda – 25 sm chuqurlikka yuboriladi.
To‘g‘ri ekish muhim!
Ekish vaqti mevalarning o‘rtacha vazniga ta’sir qiladi. Iyul oyida ekilgan qulupnay kech kuzda yoki bahorda ekilganidan ancha katta bo‘ladi. Ko‘chatlarning sog‘lom bo‘lishi ekish texnikasiga qat’iy rioya qilish, ko‘chat sifati, tuproq namligi va havoning yetarli bo‘lishiga bog‘liq.
Qulupnay ko‘chatlari kichik chuqurliklarga (5–7 sm) qo‘lda ekiladi. Ko‘chatlarni to‘g‘ri ekish uchun tuproqqa ildiz bo‘g‘zigacha chuqurlikda qaziladi, keyin yer bilan qoplanadi. Ildiz atrofida hatto kichik bo‘shliqni ham qoldirmaslik kerak, aks holda, u chiriydi. Shuningdek, namlikni saqlab qolish uchun yosh ko‘chatlar atrofiga chirindi yoki quruq tuproq tortiladi.
Meva berish ob-havo sharoitlariga qarab boshlanadi, ammo farq 8–10 kundan oshmaydi. Odatda birinchi mevalar gullashdan 25–30 kun o‘tgach pishadi. Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining janubiy viloyatlarida va bahor erta kelganda qulupnay aprel oyining oxirida, tog‘li va shimoliy hududlarda esa may oyining boshida pishadi. To‘liq may va iyun oyining boshi – o‘rim-yig‘im davri.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: