Farg‘onada AKIS huzuridagi maslahat xizmatlari markazi tomonidan agrar oliygohlarning eng yaxshi talabalari uchun o‘quv treninglarini o‘tkazish bo‘yicha ilk tajriba loyihasi tashkil etildi. Kelgusida ishtirokchilar Farg‘ona viloyatidagi Qishloq xo‘jaligida bilim va xizmatlar AKIS markazi mutaxassisi bo‘lib yetishadi. Trening Jahon banki Xalqaro taraqqiyot assosiasiyasining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizasiyalash” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Birinchi mashg‘ulot 10-13-may kunlari Farg‘ona shahrida bo‘lib o‘tdi. U Jahon banki ekspertlari tomonidan Yevropa Ittifoqining ASK Facility loyihasi mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Trening ishtirokchilari Farg‘ona viloyatidagi agrar sohadagi oliy ta’lim muassasalarining 37 nafar eng yaxshi 4-kurs talabalari bo‘lib, ular Farg‘ona shahridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va xizmatlar AKIS markazida kelgusida ishlash uchun nomzod sifatida ko‘riladi. (AKIS – Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi).
Trening ikkita moduldan iborat bo‘ldi. Birinchi modulda ekspertlar asosiy maslahat berish ko‘nikmalari va bilimlarni uzatish usullari bilan o‘rtoqlashdi, ikkinchi modulda esa Maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyoti standarti (GAP) bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Bular atrof muhitni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi va hayvonlar farovonligi borasidagi standartlardir. O‘quv mashg‘ulotlari ishtirokchilari nazariy bilimlar bilan bir qatorda to‘rtta fermer xo‘jaligidagi dala ishlar bilan ham bevosita tanishishdi.
Tashkilotchilar ko‘zda tutganidek, Markazning bo‘lajak mutaxassislarini tayyorlashning bunday amaliyoti murakkab dala ishlari ustidan nazoratni osonlashtiradi va fermerlarning yuqori natijalarga erishishini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Yangi talabalar uchun ana shunday trening keyingi haftada 16-19-may kunlari Samarqand shahrida, so‘ngra Toshkent viloyatida (Chirchiq) o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Treningning barcha ishtirokchilariga sertifikatlarni topshirish marosimi may oyining oxiri – iyun oyi boshida tashkil etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: