Shu boisdan g‘o‘za ekilgan maydonlarda ekinlarni parvarishlash, mineral o‘g‘itlarni to‘g‘ri yuborish, zararkunanda hasharotlar va kasalliklarga qarshi kurash ishlarini o‘z vaqtida olib borish muhim.
2022-yili respublika bo‘yicha 1 034 223 gektar maydonga chigit ekilib, to‘liq ko‘chatlar olindi va bugungi kunda parvarishlash ishlari davom ettirilmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari tomonidan 2022-yil hosili uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarining 130 825 gektarida kuzgi tunlam (ildiz qurti), 359 263 gektarida shira va trips, 479 345 gektarda o‘rgimchakkana, 205 122 gektarda g‘o‘za qandalasi kabi xavfli hasharotlarning tarqalishi bashorat qilinmoqda.
Amalga oshirilayotgan kurash tadbirlari
Bugungi kunga qadar 374 693 gektarda kuzgi tunlamga qarshi biologik (trixogramma) kurash, 2 556 gektarda “aldamchi yem” va 22 gektarda kimyoviy kurash ishlari o‘tkazildi. Shuningdek, shira va tripsga qarshi 638 499 gektarda biologik (oltinko‘z) usulda, 686 gektarda kimyoviy ishlov berish ishlari olib borildi. 334 252 gektar maydonda esa o‘rgimchakkanaga qarshi biologik (oltinko‘z) kurash chora-tadbirlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, g‘o‘za maydonlarida doimiy monitoring ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungacha 272 157 gektar maydonda 20 dan ortiq monitoring tadbirlari o‘tkazildi.
Ayni vaqtda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga qarashli mavjud 640 ta biolaboratoriyalarda 3274 mln dona (57,3%) oltinko‘z, 3393,1 kg (42,1%) trixogramma, 867,4 mln dona (22,4%) brakon entomofaglari ishlab chiqarilgan va biologik kurash ishlarida foydalanilmoqda.
G‘o‘za maydonlarida tarqalishi bashorat qilingan hasharot, kasallik va begona o‘tlarga qarshi kurash maqasadida hududlardagi paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan biologik va kimyoviy preparatlar zahirasi yaratilgan hamda zararkunandalarga qarshi kurash ishlari davom ettirilmoqda.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo shoʻbasi maʼlumotlari asosida tayyorlandi
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: