Surxondaryo viloyatida “Ozodbek Munisabonu” xususiy korxonasiga tegishli 32 gektarlik anor bog‘i orasiga 22 gektar maydonda ekilgan qovunning “Dakaro” navi pishib yetildi. Bugungi kunda u ichki bozorga chiqarilyapti. Shuningdek, xorijga eksport qilish uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Surxondaryo iqlimiga mos ushbu qovun navi mart oyida ekilib, may oyida hosilga kirdi. Shu kungacha uch marta o‘g‘itlanib, to‘rt marta sug‘orildi. Qovun vazni o‘rtacha 2–2,5 kilogrammgacha yetadi. Taʼkidlash joiz, qovun ekilgan maydonda egat oralariga plyonka yopilgan. Bu usulda namlik yaxshi saqlanadi hamda ildizi qurib qolishini oldini oladi.
Respublikamizda har yili o‘rtacha 60 ming gektardan ortiq maydonga poliz ekilib, shundan 60–65% ni tarvuz, 35–38% ni qovun egallaydi. Qovun yetishtirishda yuqori toifa va sinflarga mansub, navdorligi 99% va unuvchanligi 90–95% dan kam bo‘lmagan urug‘ ekiladi. Qovunning urug‘i +14–16 °C da una boshlaydi. Harorat bundan pasayganda urug‘lar yerda chirib qoladi, siyrak unib chiqadi. Shuning uchun poliz ekinlarini juda erta – yer qizimasdan ekish maqsadga muvofiq emas. Urug‘ning unib chiqishi uchun maqbul harorat +20 °C hisoblanadi. Sutka davomida harorat +15–32 °C atrofida o‘zgarib turishi mumkin. Ana shunday haroratda urug‘ ekilgandan keyin 5–6 kunda maysalar ko‘rina boshlaydi. Haroratning pasayishi maysalarning unib chiqishini pasaytiradi.
Qovunning o‘sib rivojlanishi uchun qulay harorat +25–30 °C hisoblanadi. Harorat +12–15 °C gacha pasaysa, ekinlarning guli to‘kilib ketadi, ular o‘sishdan to‘xtaydi va sekin-asta qurib qoladi. 0 °C yoki –1 °C poliz ekinlari maysalarini yoppasiga nobud qiladi. Harorat –3–5 °C ga tushib qolsa, voyaga yetgan o‘simliklari ham zararlanadi.
Urug‘ unib chiqquncha harorat kunduzi +23–25 °C daraja, kechasi +14–15 °C daraja, urug‘ unib chiqqandan so‘ng +18–20 °C daraja iliq bo‘lishi kerak. Bunda o‘simlik baquvvat bo‘lib o‘sadi.
Qovundan yuqori hosil olish uchun gektariga 225 kg azot, 225 kg fosfor va 150 kg kaliy, organik o‘g‘itlardan gektariga 25 tonna solinadi. Yillik meʼyorga nisbatan organik va kaliyli o‘g‘itlarning hammasi, fosforning 70–75% i asosiy shudgorga solinadi. Fosforli o‘g‘itning qolgan 25–30% va azotning 50 foizi ekish oldidan beriladi: azotli o‘g‘itning 50 foizi ekinlar uch-to‘rt barg chiqarganidan keyin egatlarga 10–12 sm chuqurlikka solinadi.
Qadimdan Markaziy Osiyoda xalq tabobatida sil, bronxit, revmatizm, podagra, kamqonlik kasalliklari, yurak, jigar, ateroskleroz kasalliklariga davo topishda qovundan foydalanib kelingan. Qovun inson organizmining asab tizimiga tinchlantiruvchi taʼsir ko‘rsatishi aniqlangan. Uning dorivor xususiyatlari zamonaviy tibbiyot tomonidan ham tasdiqlangan. Uni isteʼmol qilish ko‘plab fiziologik jarayonlarni boshqarishda yordam beradi. Qovun urug‘i damlamalari yo‘tal, teri va tosh kasalliklarni davolashda ishlatiladi. Qovun urug‘ida 25–30% gacha yog‘ saqlab, bir gektardan o‘rtacha 22 tonna hosil olinganda 90–100 kg yog‘ ham olish mumkin.
Qovunning bunchalik serxosiyatliligi uning tarkibi foydali moddalarga boyligidandir. O‘lkamizda yetishtiriladigan qovunlarning tarkibida 85–92% suv, 8–15% quruq modda, 0,8% oqsil, 1,8% kletchatka, 6,2% boshqa uglevodlar, 0,9% moy, 0,6% kul, 20–30% askorbin kislotasi, 0,03– 0,07% boshqa darmondorilar, mikroelementlar, organik va mineral tuzlar mavjud.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: