Bugungi kunda O‘zbekistonda
112 turdagi dorivor o‘simliklardan tibbiyotda foydalanishga ruxsat berilgan. Ularning 80% ini tabiiy holda o‘suvchi giyohlar tashkil etsa-da, so’nggi yillarda katta maydonlarda madaniy plantasiyalari tashkil etilmoqda. Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga ko‘ra, zamonaviy tibbiyotda qo‘llanilayotgan dori-darmonlarning 60% i dorivor o‘simliklar xomashyolari asosida tayyorlanadi va ishlab chiqarishga joriy etiladi.
Xususan, “Gerbo Farm” xususiy korxonasi 8 gektar yer maydonida tirnoqgul, naʼmatak, moychechak, asorun (valeriana), o’tkir bargli sano kabi 16 xil turdagi dorivor o‘simliklarni yetishtiradi. Korxonada 40 dan ortiq dorivor os‘imlik mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Tirnoqgul (kalendula) dorivor o‘simligi oshqozon-ichak kasalliklarini davolashda tabiiy, samarali vosita hisoblanadi. O‘simlik erta bahorda (fevralning oxiri yoki mart oyining boshida) yohud kech kuzda (oktyabrning oxirlarida) ekiladi. Eʼtiborlisi, yerga qadalgan urug‘larni qishda sovuq urmaydi. Unib chiqqan tirnoqgul ko‘chatlari 35–40 kunda yaʼni aprelning oxiri — may oyining boshlarida gullaydi. Mavsum davomida tirnoqgul ekinzori 13 marta sug‘oriladi. Yoz va kuz oylarida har 2–3 kunda o‘simlikning to‘pgullari yig‘ib, hosil olinadi.
Tirnoqgul ekinzori 2–3 yil mobaynida saqlanib turadi. Yerga to‘kilgan urug‘lardan qish va bahorda ko‘plab ko‘chatlar unib chiqadi. Bir gektar yerdan 600–800 kilogrammgacha tirnoqgul hosilini yig‘ishtirib olinadi. (1 kg quritilgan guli 50 ming so’m)
Tavsiya: ushbu o‘simlikni mamlakatimizning barcha hududlarida yetishtirish mumkin.
Moychechak (romashka) dorivor o‘simligi tabobatda tanadagi shamollashlarni, yallig‘lanishlarni davolash, ovqat hazm qilish tizimi faoliyatini yaxshilash, saratonning oldini olish va xolestirin miqdorini pasaytirishda qo‘llaniladi. O‘simlik yorug‘likni yaxshi ko‘radi va urug‘idan ko‘payadi. Moychechakni qishning so‘nggi kunlarida yoki kuz faslida ekish mumkin.
Yerga to‘kilgan urug‘lardan unib chiqqan moychechak 2–3 yil mobaynida hosil beradi. Hosildorlik gektar hisobiga
700–800 kilogrammni tashkil etadi. (1 kg quritilgan guli 40 ming so’m)
Tavsiya: moychechakni O‘zbekistonning istalgan hududida ekib, yuqori hosil olish mumkin.
Dorivor asorun (valeriana lekarstvennaya) o‘simligidan xalq tabobatida tabiiy tinchlantiruvchi, yurak kasalliklarini davolashda samarali vosita sifatida foydalaniladi. U Yevropa va Sharqiy Osiyoda yetishtirilsa-da, O‘zbekistonda ham dorivor giyoh sifatida ekiladi. O‘simlikning urug‘i erta bahorda yerga qadalib, oktyabr oyida hosil yig‘ib olinadi. Ildizlar yuvuvchi mashinalarda yaxshilab yuviladi, keyin yaxshi shamollatiladigan xonalarda maxsus javonlarga 15–20 sm qalinlikda yoyib qo‘yiladi va panshaxada vaqti-vaqti bilan almashtirib turiladi. Xomashyo xirmonga yig‘ilib, qirqilgan ildizlar esa qoplarga joylanadi. Toylangan xom ashyo 3 yil, toylanmagani esa 2 yil saqlanadi.
Asorun quruq ildizi hosildorligi gektar hisobiga 18–25 sentnerni tashkil etadi. (1 kg quritilgan ildizi 100 ming so’m)
Tavsiya: O‘zbekistonning unumdor va sug‘oriladigan hududlari (Vodiy, Toshkent va Samarqand viloyatlari)da plantatsiyalar tashkil etish mumkin.
Naʼmatak. Tabobatda va zamonaviy tibbiyotda foydalaniladigan naʼmatak mevasi C vitaminiga boy bo‘lib, insonning immun tizimini mustahkamlash xususiyatiga ega. Shuningdek, u tomirlardagi qonni suyultirib, qon bosimini tushiradi, shamollash va grippni davolashda asqotadi.
O‘simlikning darmondori navlari faqat jinssiz, 5–15 sm uzunlikdagi novda qalamchalaridan ko‘paytiriladi. Urug‘dan ko‘paytirilganda ular o‘zining nav afzalligini yo‘qotadi. Naʼmatak poyalari 5 yilgacha o‘sib turadi, keyin ular yangisi bilan almashtiriladi. Yoshartirilgan ekinzor bir yildan keyin gullaydi va mevaga kiradi. O‘simlikning 1 ta butasidan terilgan hosil ho‘l holatda 20–25 kilogrammni tashkil etsa, qurigach 10–12 kg ga aylanadi. Hosili terib olinganda, o‘simlikning erkak shoxlari kesib tashlanadi.
Na’matak quruq mevalari hosildorligi 3*4 sxemada ekilgan maydonda gektar hisobiga 15–20 sentnerni tashkil etadi. (1 kg quritilgan mevasi 20 ming so’m)
Tavsiya: naʼmatakni tog‘ etagi, tog‘ mintaqasidagi lalmi yoki shartli lalmi yerlarda ekish mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: