O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) mutaxassislari hududlarda XMI mablag‘lari ishtirokida ishga tushirilgan loyihalarning samarasini o‘rganayotgani haqida xabar bergan edik. Markaz vakillarining endigi safari Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga bo‘ldi.
Xususan, markaz vakillari Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida 2019-yilda ishga tushirilgan umumiy qiymati 6 mln AQSH dollariga teng (4,5 mln dollar – Osiyo taraqqiyot banki mablag‘i, 1,5 mln – o‘z mablag‘i hisobiga) meva-sabzavotchilik mahsulotlarini quritish, qayta ishlash korxonasi hamda sovutkichli omborxona faoliyati bilan tanishishdi. 105 gektar yer maydonining 20 gektari issiqxona uchun ajratilgan bo‘lib, shundan 15 ga maydondagi issiqxona barpo etilgan. 2022-yilning o‘tgan davri mobaynida ushbu issiqxonada 240 tonna pomidor yetishtirilgan. Mahsulotning 180 tonnasi ichki, 60 tonnasi tashqi bozorga yo‘naltirilib, 3,1 mlrd so‘m miqdorida daromad olingan.
Shuningdek, 33 gektarda uzum ko‘chatlari parvarish qilinmoqda, 27 gektar maydon sabzavot va ko‘kat, 8 gektar maydon yaylov, 15 gektar tutzor va qurilish binolari uchun ajratilgan. Loyiha doirasida jami 92 ta yangi ish o‘rni yaratilib, ularning 12 tasi doimiy va 80 tasi esa mavsumiy ekani aniqlandi.
Surxondaryo viloyatiga yetib kelgan mutaxassislar xalqaro moliya institutlari hisobidan 500 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari evaziga Termiz shahrida barpo etilgan, 1000 tonna sig‘imga ega meva-sabzavot saqlashga mo‘ljallangan sovutkichli omborxonada bo‘lishdi. 2022-yilda unda fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalaridan 1000 tonna sabzi saqlashga qo‘yilib, 800 tonnasi ichki isteʼmol bozoriga chiqarildi. Ayni kunlarda qolgan 200 tonna mahsulot xaridorlarga yetkazib berilmoqda. Bo‘sh omborxonalarda esa “to‘qsonbosti” ekinlarni saqlash bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.
Markaz mutaxassislari ikki viloyatdagi agrarchilar bilan uchrashuvda loyihalar doirasida taqdim etilgan mablag‘lardan maqsadli va o‘z o‘rnida foydalanish, huquqiy yordam ko‘rsatish va yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishda ko‘maklashish bo‘yicha tegishli tavsiya va maslahatlarini berishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: