O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Oliy Majlis Senatining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi hamkorligida, vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ekspertlari ishtirokida “Sifatli ko‘chat – yuqori hosil garovi” mavzusidagi seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi ekspertlar guruhi a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida qishloq xo‘jaligida ilmiy asoslangan yangi texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, sifatli hosilga erishish va aholi daromadini oshirish borasida olimlar munosabati tinglandi. Shuningdek, sifatli ko‘chat yetishtirish va intensiv bog‘larda kasallik va hasharotlarga qarshi kurash, zamonaviy agrotexnika tadbirlarni qo‘llash hamda uzumchilik sohasi bo‘yicha maʼruzalar o‘qildi.
“Olimlar oldida turgan eng birinchi masala hosildorlik va mahsulot sifatini oshirishdir. Bu yo‘lda ilm ahli tinmay izlanishlar olib borishyapti. Bugungi kun fermerining talabi mahsulotlarni eksportga chiqarish. Demak, eksportga chiqishi mumkin bo‘lgan ekin navlarini joriy qilishga alohida eʼtibor qaratishimiz kerak. Bu saʼy-harakatlarning barchasi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan, – deya taʼkidlab o‘tdi Milliy markaz direktori o‘rinbosari Norqul Xushmatov. – Shu kunga qadar Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan Davlat dasturlari doirasida qiymati 44,4 mlrd so‘mlik 78 ta loyiha bo‘yicha tadqiqotlar olib borilib (53 ta amaliy, 12 ta innovatsion, 1 ta olima ayollar, 4 ta yosh olimlar, 5 ta xalqaro-qo‘shma, 2 ta startap va 1 ta tijoratlashtirish), natijada bir qator ilmiy ishlanmalar tayyorlandi”.
Seminarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi vakillari 2022-yilda ko‘chatchilik sohasida markaz tomonidan amalga oshirilishi belgilangan vazifalar yuzasidan maʼlumotlar berib o‘tishdi. Ularga ko‘ra:
– shimoliy, o‘rta va janubiy mintaqalarga mos, kasallik va zararkunandalarga hamda qurg‘oqchilikka chidamli 2 ta olma, 1 ta nok, 1 ta o‘rik, 1 ta olxo‘ri, 1 ta limon, 2 ta shaftoli, 1 ta anor, 1 ta qulupnay va 1 ta qorag‘at navlarini yaratish;
– meva, uzum va dekorativ ekin turlarining 3 mln dona (shundan, 1 mln dona in vitro usulida, 1,8 mln dona urug‘dan va 200 ming dona qalamchadan) ko‘chatlari, shundan, 1,5 mln dona uzum (500 ming dona in vitro usulida va 1 mln dona qalamchadan), 10 mln dona (200 ming dona in vitro sharoitida va 9,8 mln dona urug‘dan) tut ko‘chati, 150 ming dona gul ko‘chatlarini yetishtirish;
– har bir hududda ixtisoslashgan ko‘chatxonalarni tashkil qilgan holda, bitta ko‘chatxonadan har yili kamida 2 mln dona sertifikatlangan ko‘chat yetishtirish;
– 7 ta in vitro laboratoriyasida virusdan holi mahalliy va xorijiy uzum navlarining 20 mln dona ko‘chatlarini tayyorlash;
– 5 ta hududda 2 mln dona payvandlangan ko‘chat yetishtiruvchi zamonaviy ko‘chatxonalar tashkil etish;
– 150 ming gektar maydonga mo‘ljallangan sertifikatlangan, eksportbop, urug‘siz, xo‘raki va vinobop uzum ko‘chatlari yetkazib berish rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: