O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamkorligidagi “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi zamonaviy issiqxona yo‘nalishida tavsiyalarni taqdim etib, agrarchilarga bir qator qulayliklar yaratib bermoqda.
Bunga andijonlik 33 yoshli Mahsudaxon Bahromovaning faoliyati misol bo‘la oladi. Bu ayol oilaviy sharoitini yaxshilash, ro‘zg‘ordagi kam-ko‘stini to‘ldirish maqsadida issiqxona barpo etgan. Uch nafar voyaga yetmagan farzandi va nogiron otasining suyanchig‘i, oilaning yagona boquvchisi bo‘lgan Mahsudaxonni o‘tgan yilgi dehqonchilik bilan bog‘liq talofotlar biroz qiynab qo‘ydi. Zararli hasharotlar uning bodring hosilini deyarli yarmidan ko‘pini nobud qildi. Bu ayol mehnatlari besamar ketganiga achindi. Bu yil esa unga loyiha doirasida issiqxonani yaxshilash borasida ko‘mak ko‘rsatildi.
– Menga zararkunandalarga qarshi kurashda yangicha yondashuv manzur bo‘ldi, – deydi Mahsudaxon, – o‘tgan yili katta yo‘qotishlarga duch kelgandim. Hosilimni nobud qilgan zararkunadalarga qarshi kurashishda pestitsidlardan ko‘p miqdorda ishlatganman. Afsuski, natija kutganimdek bo‘lmagan. “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi asosidagi ko‘mak esa barchasini o‘zgartirdi. Mana hozir issiqxonamda umuman zararkunandalar va kasalliklar yo‘q. Ekkan pomidorlarimning birinchi kurtaklariga qarab bilyapmanki, o‘g‘itlardan foydalanishdagi yangicha yondashuv hosildorlikka juda yaxshi taʼsir etar ekan. Bu yilgi daromadim 30 millionga yetishini rejalashtiryapmiz. Bu esa oilamiz uchun ko‘pgina muammolarning yechimi bo‘ladi.
Bugungi kungacha Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlaridagi issiqxonalarni modernizatsiya qilish va optimallashtirishda 20 ta oilaga ko‘mak ko‘rsatildi. Bu loyihaga ishtirokchilar sifatida qishloqlardagi daromadi past va doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan, oila boquvchisi ayollar bo‘lib qolgan aholi orasidan benefitsiarlar tanlab olindi.
20 ta issiqxonaning barchasiga nasoslar, filtrlar, suv idishlari va shlanglardan iborat zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimlari o‘rnatildi. Ushbu tizimlar tufayli eruvchan ozuqa moddalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘simliklarning ildiz tizimiga yetib borib, yana-da ko‘proq samara beradi. Bundan tashqari, har bir benefitsiarga suvning sho‘rligi va kislotaliligini o‘lchash uchun pH va elektr o‘tkazuvchanlikni o‘lchaydigan asboblari berildi. Hozirda loyiha benefitsiarlari sug‘orishdan oldin suvga maxsus kislotalar qo‘shib, bu ko‘rsatkichlarni to‘g‘rilamoqda.
BMT FAO loyihasining milliy maslahatchisi, agronom Xayrulla Esonovning taʼkidlashicha, loyihaga ko‘ra, issiqxonalar uchun yangi qoplama materiallardan foydalanish taklif etiladi. Qalinligi 180-200 mikron bo‘lgan o‘ta pishiq polietilen plyonkalarga ultrabinafsha nurlanishini yutadigan va issiqxonaning ichki yuzasida tomchilar shaklida kondensatsiya hosil bo‘lishining oldini oladigan maxsus qo‘shimchalar qo‘shilgan. Issiqxonani sovutish uchun soya beradigan to‘rlardan foydalaniladi. Zararkunandalarga qarshi kurashishda ushbu hududlarda oldin ishlatilmagan tutqich va chivinlarni tutib qoluvchi to‘rlar asqotadi. Ular havo aylanishini ham yaxshilaydi. Shuningdek, dezinfeksiyalovchi pol qoplamalari va virus, bakteriyalarga qarshi qo‘sh eshikli tizim o‘rnatilib, issiqxona atrofidagi yer begona o‘tlardan tozalanadi.
Loyiha fermerlarga muayyan amaliyotlarni qo‘llash orqali sabzavot ekinlari hosildorligini oshirishni ham maqsad qilgan. Bunda o‘simliklarni changlatish maxsus arilar (Bombus Terrestris) yordamida amalga oshiriladi. O‘simliklarni poyalariga zarar bermasdan lentalar bilan bog‘lash uchun qisqichlarni o‘rnatish, issiqxona ichidagi harorat va namlikning doimiy nazorat qilinishi ham hosildorlikka ijobiy taʼsirini ko‘rsatadi.
Maʼlumot o‘rnida aytish mumkin, “Kelajak avlod uchun aqlli dehqonchilik” loyihasi Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq masalalari vazirligining moliyaviy ko‘magida 2021-yilda boshlangan.
2022-yilda modernizatsiya qilingan issiqxonalarda sifatli, xavfsiz, oldingi yillarga nisbatan ko‘proq hosil olish va daromad topish rejalashtirilgan. Har hafta xo‘jaliklarga texnik yordam ko‘rsatish va benifitsiarlar uchun trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: