Aholini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, shu orqali oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilash masalasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining eng muhim vazifalaridan biri sanaladi. Bugungi kunda ushbu mahsulotlarni yetishtirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish, zarur zaxiralarni shakllantirish, shu jumladan, buni xorijiy mamlakatlardan olib kirish orqali amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Aholiga o‘simlik yog‘ini barqaror yetkazib berish maqsadida 2022-yilda respublika bo‘yicha 1 mln 34 ming gektar maydonga chigit va 266 ming gektar maydonga moyli ekinlar ekilishi rejalashtirilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 32% ga hamda 2020-yilga nisbatan 2,6 baravar ko‘p. Shuningdek, joriy yil chigitdan 2 mln 138 ming tonna paxta xom-ashyosi va moyli ekinlardan 366 ming tonna (2021-yilga nisbatan 13% va 2020-yilga nisbatan 3,5 baravar ko‘p) mahsulot yetishtirilishi kutilmoqda.
Buning natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, respublikada jami 476 ming tonna yog‘ mahsulotini ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud. Ular 385 ming tonna paxta yog‘i va 91 ming tonna o‘simlik yog‘i (kungaboqar, soya, kunjut, zig‘ir, maxsar) hisoblanadi. Ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlar ichki isteʼmol bozorida aholining o‘simlik yog‘iga bo‘lgan o‘rtacha 460 ming tonnaga teng yillik ehtiyojini to‘liq qoplashi kerak. Biroq o‘simlik yog‘i chorva mollari va parrandalarni ozuqlantirishda ham ishlatilib, bu borada yillik ehtiyoj 100 ming tonnani tashkil etadi. Oqibatda aholi ehtiyojini faqat 82% ga taʼminlash imkoni vujudga kelmoqda.
Ayni vaqtda mamlakatimizda 80 dan ortiq yog‘-moy korxonalari faoliyat yuritmoqda va ularning yillik o‘rtacha ishlab chiqarish quvvati 3,5 mln tonnaga teng. Shundan 1,2 mln tonnasi moyli ekinlar donini qayta ishlash yo‘nalishiga to‘g‘ri keladi.
So‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-mart oylarida 21,3 ming tonna o‘simlik yog‘i va 39 ming tonna kungaboqar doni import qilingan. Bu 2021-yilning mos davriga nisbatan o‘simlik yog‘ining 35,5 ming tonna yoki 2,7 barobarga va kungaboqar donining 12,8 ming tonna yoki 1,33 barobarga kamayganligini ko‘rsatadi. Respublikaga olib kirilayotgan 16 ming tonna (75%) o‘simlik yog‘i va 30 ming tonna (77%) kungaboqar doni importining ulushi asosan Qozog‘iston Respublikasi hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.
Joriy yil yanvar-mart oylarida o‘simlik yog‘i importi hajmlarida qisqarish kuzatilganiga asosiy sabab, 2021-yil 1-maydan 2022-yil 30- aprelgacha bo‘lgan muddatda respublika hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar, zig‘ir va soya urug‘ini olib kirishda hamda uning ichki bozordagi realizatsiyasida qo‘shilgan qiymat solig‘i bekor qilindi. Qolaversa, moyli ekinlar maydonlari va hosildorligining oshirilganligi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahsulot zahirasi yaratilganligi ham importning kamayishiga olib keldi. Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29- apreldagi O‘RQ-689-sonli “Aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga doir choralar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda 2022-yil 9-fevraldagi O‘RQ-752-sonli “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yana-da kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshirildi.
Respublikada moyli ekinlar sohasini rivojlantirish maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi “Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 275-son qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti huzurida «Moyli ekinlar seleksiyasi, urug‘chiligi va agrotexnologiyasi» o‘quv-ilmiy markazi tashkil etildi. Oxirgi 3 yilda respublikada faoliyat yuritayotgan ilmiy tadqiqot muassasalari va soha olimlari tomonidan 21 turdagi moyli ekinlarning respublika tuproq-iqlim sharoitlariga mos navlari yaratilib, davlat reestriga kiritildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: