Yer yuzida iqlim o‘zgarishi, turli ofatlar, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi xolatlar yildan-yilga oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni qiyinlashtirmoqda. Shu sababli boshoqli don, dukkakdi don, moyli ekinlar, ayniqsa, bug‘doy, sholi mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora ortmoqda. Yurtimizda 2022-yilda boshoqli don ekinlari yetishtirishda yuqori hosildorlikka erishish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda. Quyida mamlakatimizda boshoqli don yetishtirish bilan bog‘liq muammolar va ularni hal etish yo‘lida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z boradi.
Boshoqli don maydoni
2021-yil hosili uchun respublikamizda 1 mln 38,1 ming gektar sug‘oriladigan maydonlarida boshoqli don ekinlari ekilgan, bo‘lib, o‘rtacha hosildorlik 64,1 s/gani tashkil etdi. (1991-yilda mos ravishda 221 ming gektar va 22,2 s/ga).
Texnika bilan taʼminlanish darajasi
Respublikada har yili 700–750 ming gektar (65–70%) g‘o‘za qator orasiga kuzgi g‘alla ekiladi. Ammo xo‘jaliklar g‘o‘za qator oralariga bir xil chiqurlikda va bir xil meʼyorlarda ekadigan seyalkalar bilan to‘la taʼminlanmagan. Bugungi kunda g‘o‘za qator oralariga ekadigan sifatli kultivator seyalkalar bilan faqat Buxoro viloyati 45 foiz, qolgan xududlar esa atigi 5 foiz taʼminlangan.
Respublikada 1992-yildan buyon g‘alla maydonlari kengayib borayotgan bo‘lsa, so‘nggi 29 yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan g‘o‘za qator oralariga don ekadigan seyalkalar ishlab chiqilmaganligi sababli 600 ming gektardan ortiq maydonlarda g‘o‘za qator oralariga g‘alla ekish turli xil moslamalar (KRX-4,2 kultivatori, NRU-05 mineral o‘g‘it sepgich) yordamida amalga oshirilmoqda, kultivatorlar yordamida har xil chuqurliklarda tuproqqa aralashtirilmoqda.
Buning oqibatida esa bir gektar maydonga seyalkalarda ekilganda 180–200 kg (4,5–5,0 mln dona urug‘) urug‘lik sarflansa, g‘o‘za qator oralariga turli moslamalar bilan sepish natijasida 250–280 kg.dan (6,5–7,0 mln dona urug‘) urug‘ sarflanib, meʼyordan ortiqcha sarflangan urug‘lik hisobiga g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan don tannarxi ortib bormoqda.
Muammolar yechimini topish yo‘lida
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ekspertlari tomonidan g‘allachilik sohasidagi olim va mutaxassislarni jalb etgan holda 2021-yilda joylarda g‘alladan yuqori hosil yetishtirish mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazildi. Soha olimlari tomonidan berilgan tavsiyalar natijasida qator tumanlarda hosildorlik o‘rtacha 70–77 sentnerdan don hosili yetishtirilmoqda.
Bundan tashqari, 150 ming gektar g‘alla maydonlarini lazerli yer tekislagichlar bilan tekislash, 120 ming gektarda zamonaviy aniq meʼyorda va chuqurlikda ekadigan “Lemken” rusumli seyalkalar yordamida don ekish choralari ko‘rildi.
2021-yil hosili uchun g‘alla ekishga 260 ming tonna sara urug‘lik don bilan birga sof holda 50,3 ming tonna fosforli (48,5 kg/ga) va 20 ming tonna kaliyli (19,3 kg/ga) mineral o‘g‘itlar yetkazib berilgan edi. G‘allani 3 marta qo‘shimcha oziqlantirish hamda o‘rtacha 4–5 marotaba sharbat usulida sug‘orish ishlari o‘tkazildi.
G‘alla maydonlarida begona o‘tlar, zang va boshqa kasalliklarga qarshi, zararli hasva va boshqa zararkunandalarga qarshi kimyoviy ishlovlar jadallashtirilmoqda.
2021-yildan boshlab g‘alla o‘rim-yig‘imiga jalb qilingan tashish texnikalar xizmatlari uchun kunlik to‘lov tizimi joriy qilindi. Natijada g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumini 28 kunda yakunlashga erishildi (2020- yilda 37 kun davom etgan).
Bug‘doyni qachon ekkan maʼqul?
Ko‘p yillik ilmiy va ishlab chiqarish tajriba natijalariga ko‘ra respublika hududlarida kuzgi boshoqli don ekinlari ekish optimal muddatlari 1–sentyabrdan 20–oktyabrgacha belgilangan. Bundan tashqari, har bir hududning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan aniq ekish muddatlari bo‘yicha tavsiyalar ham berilgan.
Ammo shunga qaramasdan, 2020-yil kuzida ayrim hududlar g‘alla ekish ishlarini 1-noyabrda ham yakunlamagan edi. Natijada 2021-yil hosili uchun belgilangan don ekinlari mamlakatimiz bo‘yicha optimal muddatlardan 10-15 kun kech ekildi. Bu esa 2021-yilda jami 40 ming gektardan (0,4%) ortiq g‘alla erta bahorda unib chiqishi hisobiga don hosildorligi gektaridan 12-15 sentnerdan oshmasligiga olib keldi.
Birgina Qoraqalpogiston Respublikasida 7 ta tumandagi 277 ta fermer xo‘jaligi g‘allani optimal muddatlaridan kech ekkani sababli shartnoma bo‘yicha hosil yetishtirish ko‘rsatkichi 51 foizdan oshmagan. Xuddi shunday holat Qashqadaryo viloyatidagi 9 ta tumanda 172 ta fermer xo‘jaligi, Namanganda 5 ta tumanda 102 ta fermer xo‘jaligi, qolaversa, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlarida ham kuzatildi.
Dunyoda g‘alla yetishtirishda eʼtibor nimalarga qaratiladi?
Dunyoda g‘allachilikda yuqori hosil olib kelayotgan davlatlarning fermer xo‘jaliklari tajribalari shuni ko‘rsatadiki, ushbu sohada muvaffaqiyatning eng asosiy omili va zamini — bu yerni ekin turiga mos ravishda to‘g‘ri tanlash hamda shudgorlash, yani ekishga yerni tayyorlash ekanini bot-bot taʼkidlaydilar.
Sohada rivojlangan mamlakatlarda g‘alla yetishtirish uchun sarflanadigan jami xarajatlarning 70 foizi yer tayyorlashga, qolgan 30 foizi yil davomida vegetatsiya davridagi parvarishlashga sarflanadi. Natijada ushbu maydonlardan olinadigan hosildorlik gektaridan o‘rtacha 75-85 sentnerni tashkil etadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: