Bugungi kunda respublika hududlarida kartoshka ekish ishlari davom etmoqda. Maydonlarga kartoshkaning tezpishar, o‘rta-tezpishar navlari ekilmoqda. 2021-yilda respublika bo‘yicha 3 292 271 tonna kartoshka yetishtirilgan. Viloyatlar kesimida Samarqanda viloyati 672 833 tonnalik hosili bilan yetakchilik qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reestriga kartoshkaning 131 ta navi kiritilgan bo‘lib, shundan 76 tasi Gollandiyaning navlaridir. Bulardan Arizona, Arnova, Arinda, Zafira, Kondor, Konstanse, Marfona, Markiz, Pikasso, Rodeo, Roko, Romano, Sinora, Evolyushn va boshqalar respublikamizda katta maydonlarda ekib kelinmoqda.
Kartoshka hosildorligini oshirish va ko‘paytirishning asosiy omillaridan biri ekin navini to‘g‘ri tanlash va sifatli urug‘lik materialini ekish hisoblanadi. Buning afzalligi birinchidan – qisqa muddatda kam mehnat va mablag‘ sarflab, yuqori va sifatli hosil olish hamda takroriy ekin o‘stirish bo‘lsa, ikkinchidan sug‘oriladigan yerdan, suvdan, texnika va o‘g‘itdan samarali foydalanish, uchinchidan – kartoshkachilikni rentabelli tarmoqqa aylantirish, xo‘jalik iqtisodini ko‘tarishga sharoit yaratadi.
Maʼlumki, har qanday navda ham ijobiy va salbiy belgilari va xususiyatlari bo‘lib, u turli yillarda turlicha namoyon bo‘ladi. Shuning uchun har bir xo‘jalikda bir nechta kartoshka navini yetishtirgan maʼqul. Navlarning o‘ziga xos parvarishlash texnologiyasiga bo‘lgan talabini o‘rganishdan maqsad, uning genetik imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishdir.
Kartoshka hosilini oshirish, sifatini yaxshilash va erta yetilishini taʼminlash uchun uni undirilgan tuganaklaridan ekish kerak. Undirilgan tuganaklarni bahorgi muddatlarda ekish undirilmagan tuganaklarni ekishga qaraganda xosilni 12-15% oshirib, 10-15 kun erta pishishiga imkon beradi.
Kartoshka yerdan to‘liq unib chiqqandan keyin 20-25 kun o‘tgach, o‘simliklarga birinchi kompleks ishlov beriladi. Qator oralari 15-16 sm chuqurlikda, 10-12 sm himoya masofasi qoldirilib yumshatiladi. Keyin esa o‘simlik oralari yengil chopiq qilinib, begona o‘tlardan tozalanishi lozim.
Ertagi kartoshkadan yuqori hosil olish uchun o‘simliklar o‘suv davri davomida o‘tloqi tuproqli maydonlarda 4-6 marotaba, bo‘z tuproqli maydonlarda esa 5-7 marotaba sug‘orish tavsiya etiladi. Har ikki sug‘orish oralig‘ida qator oralari 10-12 sm chuqurlikda yumshatiladi. Kartoshka o‘simligi asosiy ozuqa elementlariga o‘ta talabchan. Unga azot, fosfor, kaliy, yarim chirigan go‘ng kabi ozuqalar berish tavsiya etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: