Bugungi kunda respublika viloyatlari bo‘ylab chigit va soya ekish ishlari olib borilmoqda. Respublikada 2022-yil hosili uchun jami 1 034 223 gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilgan. Bunda paxta dalalarida 9 mingga yaqin seyalkalardan foydalanilyapti. Mamlakat bo‘ylab barcha klasterlarda 2 500 dan ortiq otryadlar ishlamoqda.
Soya ekini bo‘yicha esa respublikada 2022-yilgi hosil uchun 146,5 ming gektar, shundan 82,5 ming gektar ochiq maydonlarga va 64,0 ming gektar g‘o‘za qator oralariga soya ekilishi rejalashtirildi. Ushbu maydonlardan jami 181,4 ming tonna, shundan 146,2 ming tonna ochiq maydonlardan va 35,2 ming tonna g‘o‘za qator oralaridan soya doni yetishtirish prognoz qilinmoqda. Yetishtirilishi prognoz qilinayotgan hosildan 36 ming tonna o‘simlik yog‘i va 136 ming tonna soya shroti ishlab chiqiladi. Ishlab chiqilgan soya shroti sanoat usulida boqilayotgan 38 mln bosh parrandaga yo‘naltiriladi.
CHIGIT EKISH JARAYONI
Yerni tayyorlash
Maʼlumki, 2022-yil mart oyida respublikaning barcha hududlarida so‘nggi o‘n yillikda ro‘y bermagan surunkali yog‘ingarchiliklar kuzatilib, oylik meʼyordan 3–4 barobar yuqori bo‘ldi. Bunday paytlarda klaster va fermerlar chigit ekish ishlariga o‘ta masʼuliyat bilan yondashishlari, omilkorlik bilan ish ko‘rishlari, olim va mutaxassislarning tavsiyalari hamda ilg‘or tajribalarga tayangan holda ishlarni tashkil qilishlari talab etiladi. Bu yilgi sharoitdan kelib chiqib, chigit ekiladigan maydonlarda birinchi navbatda tuproqning yetilishi va dalaga kirish imkoni bo‘lishi bilan zudlikda yer tayyorlash (tekislash, chizellash, boronalash va mola bosish) va chigit ekish ishlari amalga oshirilmoqda.
Kuzatilgan yog‘ingarchiliklar yetarli miqdorda tuproqda tabiiy nam hosil qildi. Ushbu vaziyatdan oqilona foydalangan agrarchilar chigitni tuproqning tabiiy namiga ekib, undirib olish choralarini ko‘rishmoqda. Mutaxassislar pushta olingan maydonlarda pushta usti 10–12 sm yetilishi bilan osma boronalar bilan tunda boronalash va erta tongdan ekish ishalarini amalga oshirish yaxshi natija berishini taʼkidlashadi. Yerlarni chigit ekishga tayyorlash ishlarini tunda amalga oshirish yaxshi samara beradi. Aks holda kunduz kuni boronalash yoki chizellashda hosil bo‘lgan kesaklardan juda tezlik bilan nam bug‘lanib, ushbu kesaklarni keyin maydalab, mayin tuproq hosil qilib bo‘lmaydi.
Qolaversa, yerni tayyorlashda texnikani dalaga keragidan ortiqcha kiritmaslik zarur, chunki texnikani yurishi hisobiga yerlar zichlashadi, namlik tez bug‘lanadi, nihollar har xil muddatda unib chiqishi oqibatida bir tekis ko‘chat olinmaydi.
Chigitni tayyorlash
Joriy yilda tuproqda namlik yuqoriligini inobatga olib, tukli chigitni namlashda Uzgumi (0,7–0,8 l/t), Bioduks (2–3 ml/t), Fitovak (300–400 ml/t) stimulyatorlari bilan ishlov berish g‘o‘zani ildiz chirish va gommoz kasalliklariga bardoshliligini oshiradi va ildizi baquvvat rivojlanadi.
Tuksiz chigitlar urug‘lik chigit tayyorlash sexlarida saralanib, urug‘dorilar bilan dorilanib, ekishga tayyorlanadi va namlanmasdan ekiladi. Shu o‘rinda tuksiz chigitlar yoyilib quyosh nurida 2–3 soat qizdirib olinsa, yaxshi samara beradi.
Chigit ekish
Surunkali yog‘ingarchiliklar chigitni optimal muddatlarda ekish ishlarini birmuncha kechiktirdi. Bunday sharoitda tuproqda maqbul namlik va harorat yuzaga kelishi bilan darhol chigit ekish ishlariga kirishib, qisqa muddatda yakunlash lozim. Hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan hamda tuproqning 0–10 sm chuqurlikdagi o‘rtacha haroratini inobatga olib, tukli chigitlarni ekish uchun o‘rtacha 12–14 °С, tuksizlantirilgan chigit ekish uchun 14–16 °С bo‘lganda amalga oshirish maqbul hisoblanadi. Chigit ekishda uning meʼyoriga alohida ahamiyat berish kerak. Tukli chigit gektariga 50–55 kg ekilsa, tuksiz chigitlar 25–30 kg miqdorda ekiladi.
Chigit ekish bilan bir vaqtda gektariga sof holda 15–20 kg azot, 20–25 kg fosforli o‘g‘itlar seyalkaga o‘rnatilgan maxsus moslamalar yordamida ekish chizig‘idan 5–7 sm chetga, 12–14 sm chuqurlikka solinsa, nihollar durkun va sog‘lom o‘sib rivojlanadi.
Shuningdek, seryog‘in kelgan joriy yilda begona o‘tlarni ko‘payishini hisobga olib, chigit ekish bilan birga seyalkalarga o‘rnatilgan PGS-2,4B va 3,6B moslamasi yordamida Stomp (0,8-1,0 l/ga), Kotoran (1,2 kg/ga) gerbitsidlari sepilsa, ularning zarari kamayadi.
SOYA EKISH JARAYONI
Ayni vaqtda soya urug‘liklari “O‘zdonmahsulotlari” AKning xududiy korxonalarida saralanib, qadoqlangan holda ekishga tayyor holga keltirilgan hamda hududlarning talabidan kelib chiqib yetkazib berilmoqda.
G‘o‘za va soya ekinini hamkor ekin sifatida yetishtirishda ularni bir vaqtning o‘zida g‘o‘za qator orasiga mexanizatsiyalashtirilgan holda ekishni tashkil etish maqsadida “O‘zagroservis” AJ va Qo‘qon mexanika zavodlari tomonidan ekish seyalkalari va qator oralariga ishlov berish agregatlarini moslashtirish yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda 2021-yilda jami 576 ta ekish seyalkalari va qator oralariga ishlov berish agregatlari moslashtirildi.
Bunda, hamkor ekin sifatida soya ekishda yakka qatorlarda (60, 76, 90 sm ekish sxemasida) o‘simlikdan 15 sm uzoqlikda va qo‘shqator usulida esa qatorlarning bittasiga soya urug‘ini ekish sxemasi yaratildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: