Ayni vaqtda butun respublika bo‘ylab qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugun Buxoro viloyatida o‘tkazilayotgan muhim agrotexnik tadbirlar haqida to‘xtalmoqchimiz. Dastlabki maʼlumotlarga (11-aprel 2022-yil) ko‘ra, viloyat bo‘yicha jami 222 019 gektar yer maydonlariga qishloq xo‘jaligi ekinlari to‘liq joylashtirilgan. Ularga chigit, soya, kungaboqar, sabzi, piyoz, kartoshka kabi ekinlar kiradi.
Viloyatda yillar davomida foydalanishdan chiqib ketgan qishloq xo‘jaligi ekin yer maydonlarini qayta foydalanishga kiritish hamda qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha 2021-2022-yillarda 77 800 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 17 852 gektar yer maydoni to‘liq foydalanishga kiritildi. 1740 gektarda mevazor-uzumzor barpo etildi, 1 937 gektarga kuzgi boshoqli don ekinlari, 845 gektarga chorva ozuqasi, 100 gektarga sholi hamda 13 230 gektar yer maydonlariga boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari ekildi. Shuningdek, viloyatdagi 5 106 gektar past ball bonitetli yer maydonlarida ko‘p yillik mevazor va uzumzor barpo etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi PQ-20 sonli qaroriga asosan aholiga dehqon xo‘jaligi tashkil qilish maqsadida 10 yil muddatga 0,10 gektardan 1 gektargacha yer maydonlarini ochiq elektron tanlov asosida berish ishlari doirasida 5 979 gektar yer maydonlari ajratilib, to‘liq loyihalashtirib tanlovga chiqarildi.
Bugunga qadar 30 738 nafar fuqaro tomonidan 4 163 gektar yer maydoni ochiq elektron tanlov orqali olindi hamda bu yerlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish ishlari boshlab yuborildi.
Viloyat tumanlaridagi fermer xo‘jaliklari, paxta to‘qimachilik klasterlari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari kesimida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha belgilab olingan manzilli dasturlar asosida 21 839 gektar, shundan 19 227 gektar tomchilatib sug‘orish va 2 612 gektar yomg‘irlatib sug‘orish hamda 14 900 gektar maydonni lazerli uskunalar bilan tekislash rejalashtirilmoqda.
Buxoro viloyati tumanlarida 222 019 gektar sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi ekin yerlari (2022-yil 1-yanvar holatiga) mavjud bo‘lib, 7732 ta fermer xo‘jaliklari, 11 ta paxta to‘qimachilik klasterlari, 13 ta g‘allachilik klasterlari hamda 6 ta meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyat yuritib kelmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: