Mevali bog‘larning kurtak novdalari qisman zararlangan, uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlariga sovuq taʼsir qilmagan
Joriy yil mart oyida respublikaga sovuq va nam havo oqimining kirib kelishi oqibatida haroratning keskin pasayishi hamda yog‘ingarchilik ko‘p kuzatildi. O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari tomonidan noqulay ob-havo sharoitining taʼsiriga oid dastlabki o‘rganish natijalari maʼlum bo‘ldi. Ularga ko‘ra sovuq havo va yog‘ingarchiliklar ayrim hududlarda mevali bog‘larning kurtak novdalariga qisman salbiy taʼsir ko‘rsatgan. Mamlakatimizdagi uzumzorlar, ertaki ekilgan kartoshka va sabzavot ekinlariga esa sovuq taʼsir etmaganligi aniqlandi.
Viloyatlar kesimida olingan maʼlumotlar tahlili quyidagicha:
Farg‘ona vodiysida o‘rikning ertapishar navlari Andijon viloyatida 19 foiz, Namanganda 10 foiz va Farg‘onada 18 foiz, gilosning ertapishar navlari Namanganda 2,4 foiz, bodomning ertapishar navlari Andijonda 17 foiz, Namanganda 19 foiz va Farg‘onada 23 foiz;
Janubiy hududlarda, xususan Qashqadaryo viloyatida gilosning ertapishar navlari 9 foiz, shaftolining ertapishar navlari 9 foiz, olxo‘rining ertapishar navlari 15 foiz, bodomning ertapishar navlari 18 foiz;
Markaziy hududlarda o‘rikning ertapishar navlari Buxoro viloyatida 6,7 foiz, Jizzaxda 17 foiz, Navoiyda 19 foiz, Samarqandda 10 foiz, Sirdaryoda 17 foiz va Toshkentda 10 foiz, gilosning ertapishar navlari Navoiyda 6,5 foiz va Toshkentda 2,4 foiz, shaftolining ertapishar navlari Navoiyda 8 foiz va Samarqandda 5 foiz, olxo‘rining ertapishar navlari Sirdaryoda 3 foiz hosilli maydonga nisbatan zararlanganligi aniqlandi.
Shimoliy hududlar Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Republikasida ushbu mevali daraxtlar zararlanmagan.
Ilmiy manbalarga ko‘ra, daraxtlarning sovuqqa chidamlilik darajasi meva turi va navining biologik xususiyatiga bog‘liq. Shu sababli, mevali bog‘larning turlari va navlariga qarab, joriy yil aprel-may oyida daraxtlarning hosil tugish (g‘o‘ralash) fazasida kutilayotgan yalpi hosildorlik bo‘yicha aprobatsiya o‘tkaziladi va hosil yetishtirish hajmlari belgilab olinadi. Taʼkidlash kerak, bugungi kunda agrar soha olimlari tomonidan erta gullab pishadigan va sovuqqa chidamli navlarni yaratishda ilmiy ishlar olib borilmoqda.
Tunu-kun faoliyat yuritgan Respublika shtabi
Bahor oylarida mamlakatimiz hududiga kirib kelgan sovuq havo harorati taʼsiridan qishloq xo‘jaligi ekinlari, mevali bog‘lar va uzumzorlarni asrash maqsadida qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligida tunu-kun ishlaydigan Respublika shtabi hamda hududiy shtablar tashkil qilinib, ishonch telefonlari va telegram kanallar orqali uzviy aloqa yo‘lga qo‘yildi. Soha olimlari va mutaxassislari tomonidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini nam va sovuq havo harorati taʼsiridan asrash bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqilib, joylarga yetkazildi. Shuningdek, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazi tizimdagi ilmiy muassasalardan jami 67 nafar olim va mutaxassis biriktirildi.
Ishchi guruhlar seryog‘in, murakkab ob-havo sharoitida hududlarning tuproq-iqlim sharoitini inobatga olib, bahorgi dala ishlarini va g‘alla maydonlarida agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini nam va sovuq havo harorati taʼsiridan asrash bo‘yicha tumanlar hududlarida fermer va dehqon xo‘jaliklari ishtirokida ko‘rgazmali seminarlar tashkil etdi.
Joriy yil mart oyining 3 dekadasida Respublikada mavjud 338 ming gektar (248 ming ga fermer xo‘jaliklarida, 90 ming ga aholi tomorqasida) mevali bog‘larning (o‘rik, shaftoli, bodom, olcha) 77 ming gektari (22%) gullagan hamda 182 ming gektar uzumzorlarning (130 ming ga fermer xo‘jaliklarida, 52 ming ga aholida) 42 ming gektari (23%) tuproqdan ochilib, kurtaklagan edi. Ushbu bog‘ va uzumzorlarni sovuqdan asrash maqsadida hududlarda havo harorati +2 0Sdan past bo‘lgan joylarda 17 martdan 23 martga qadar 74,4 ming gektar mevali bog‘ va uzumzorlarga suv qo‘yildi, 117,4 ming gektarida xashak, poxol, shox-shabbalardan tayyorlangan uyumlar to‘planib tutatildi. Bundan tashqari, 8 404 gektar bog‘larda gullash fazasini kechiktirish uchun maxsus preparatlar bilan ishlov berildi.
Ertaki sabzavot va kartoshka maydonlarida iliq haroratni ushlab turish uchun 22 martdan 23 martga o‘tar kechasi 2,1 ming gektar maydonga suv qo‘yildi, shox-shabba uyumlari to‘planib tutatildi.
Shuningdek, 20,7 ming gektar qishloq xo‘jaligi ekinlari yengil sug‘orildi, 5,4 ming gektar maydonga plyonka yopildi, 16,1 ming gektar dala chetlarida xashak uyumlari tutatildi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlikning Meva – sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: