O‘zbekistonda brokkoli yetishtirish salohiyati qanday? Bu mahsulot xorijiy davlatlarga eksport qilinadimi? Respublikada qanday navlari yetishtiriladi? Shu haqda ma’lumot beramiz.
So‘nggi yillarda brokkoli o‘simligiga bo‘lgan qiziqish va ehtiyoj ortib bormoqda. Respublikada aholini ushbu sabzavot ekini bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida joriy yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarida 1,3 ming gektar maydonga brokkoli ekinini ekish rejalashtirilgan. Shundan, 640 gektari fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari hamda 688 gektari aholi tomorqa maydonlariga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, 2021-yili 6 ming tonnadan ortiq brokkoli mahsuloti Rossiya davlatiga eksport qilindi, bu raqam 2020-yilgi ko‘rsatkichdan (3 000 tonnadan ortiq) ikki baravar ortiq.
Bugungi kunda O‘zbekistonda brokkolining “Agassi F1”, “Ayronmen F1”, “Atlantis F1”, “Geraklion F1”, “Kvinta F1”, “Naksos F1”, “Maraton F1”, “Tiburon F1”, “Fiyesta F1” kabi navlari ekib kelinmoqda.
Sog‘lom ovqatlanish anʼanasi yildan-yilga ommalashayotgani bois, brokkoli o‘simligining ahamiyati ortib boryapti. U tarkibida ko‘plab ozuqa moddalar mavjudligi hamda alohida o‘ziga xos taʼmga ega ekanligi bilan boshqa karamlardan ajralib turadi. Shuningdek, yengil o‘zlashtiriladigan oqsilga boyligi (3,2-4,5%) sabab kartoshka, shirin jo‘xori hamda ismaloqdan ustundir.
Mutaxassislarga ko‘ra, brokkoli tarkibidagi vitaminlar, kletchatka, mineral tuzlar va boshqa biologik faol moddalar mutanosibligi turli yoshdagi insonlar uchun juda muhim parhezbop mahsulot hisoblanadi. Qolaversa, brokkoli yosh bolalar, homilador ayollar hamda aterosklerozga moyil bo‘lgan keksalar uchun foydali. Uni sog‘lom soch tolalarini tiklashda, nurlanish kasalliklarini davolashda, teri va suyak to‘qimalari shakllanishida qo‘llash yaxshi samara beradi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlikning Meva – sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: