QANDAY QILIB LAZERLI YER TEKISLAGICHLAR SUV SARFINI IQTISOD QILISH VA HOSILDORLIKNI OSHIRISHGA YORDAM BERADI?
Lazerli tekislash – bu lazer nuri va traktorga o‘rnatilgan maxsus osma uskuna hamda kovsh (skreper) yordamida yerni tekislashning mexanizatsiyalashgan texnologiyasidir.
Lazer yordamida rejalashtirishda yagona gorizont bo‘ylab 3 sm va undan kam bo‘lgan hajmdagi yer ustini tekislashga erishiladi. Rejalashtirgich bilan tekislanmagan maydon o‘rtasidagi farq ko‘z qiri bilan tashlanganda ham bilinadi.
2021-yilda 208 904 gektar ekin yerlari lazer uskunali tekislagichlar yordamida tekislanib, ushbu maydondan sug‘orish mavsumida 505 mln kub suv iqtisod qilinishiga erishildi. Shuningdek, so‘nggi uch yilda respublikada 716 dona, shu jumladan, 2021-yilda 369 ta lazerli yer tekislagich xarid qilindi.
Qishloq xo‘jaligi dalalarini lazer yordamida tekislash agrotexnologiyasi O‘zbekistonning bir qator hududlarida Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Mahalliy ishlab chiqarishdagi lazerli yer tekislagich uskunalarini xarid qiluvchi agrarchilarga texnika qiymatining 30 foizi davlat byudjetidan qoplab beriladi.
LAZERLI YER TEKISLASHNING AFZALLIGI
Chuqurliklar va balandliklarsiz yer ustini tekislash orqali sug‘orish suvi sarfi 20-25 foizga kamayadi. Bir xil namlik ekinlarning bir xil unishiga turtki beradi, bu esa hosilni 5-10 foizga oshiradi.
Bundan tashqari, sho‘rlangan tuproqlarda maydonni to‘g‘ri rejalashtirish juda muhimdir. Ayniqsa, ularni yuvish zarurati tug‘ilganda. Yer yuzida do‘mpayib chiqadigan ko‘plab tuproq orolchalari yetarlicha yuvilmaydi va natijada u yerda ora-sira sho‘rlanishlar paydo bo‘ladi, keyinchalik bunday joylarda siyrak ko‘katlar bosh ko‘tarib turadi. Lazer yordamida tekislanganidan so‘ng, maydon bo‘ylab suvning bir tekis taqsimlanishi tufayli dalalarni tuzlardan yaxshiroq yuvishga erishiladi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan vazirlikning Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va texnik modernizatsiyalash boshqarmasi maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: