Bugungi kunda O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga aholiga yer maydonlarini ajratish, yer uchastkasini ijaraga olish huquqlarini bekor qilish tartibi hamda yer munosabatlariga doir boshqa masalalar bo‘yicha ko‘plab savol va murojaatlar kelib tushmoqda. Shuni inobatga olib, vazirlikning Media-axborot tahlil bo‘limi tomonidan maʼlumot beruvchi maxsus videolavha tayyorlandi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik bazasida yerdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish, tuproq unumdorligini oshirish, xo‘jalik yuritishning barcha shakllarini teng huquqlilik orqali rivojlantirish uchun sharoit yaratish, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishni taʼminlash, yer maydonlarini haqiqiy egalariga to‘g‘ri taqsimlash kabi masalalar bir qator hujjatlar orqali mustahkamlab qo‘yilgan.
Bu boradagi eng muhim asos O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi hisoblanib, uning asosiy vazifalari yer munosabatlarini tartibga solish, shuningdek bu sohada qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olishdan iborat. Xususan, ushbu kodeksning 5-moddasida yer munosabatlarini tartibga solish sohasida viloyatlar, Toshkent shahar davlat hokimiyati organlarining yerga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqlarini belgilangan tartibda ushbu Kodeksning 36-moddasiga muvofiq bekor qilish vakolatlari belgilangan.
Unga ko‘ra, yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, yuridik shaxs tugatilganda, yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida, tuproq unumdorligi pasayib ketishi, kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga eʼtiborsiz qaralganda, yer solig‘i, ijara haqi muntazam to‘lanmay kelinganda va bir qator boshqa vaziyatlarda ijaraga olish huquqi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, Yer kodeksida yer uchastkasiga egalik qilish huquqi, yer uchastkasidan doimiy yoxud vaqtincha foydalanish huquqini tugatish holatlari batafsil tushuntirib berilgan. Qonunda belgilab qo‘yilishicha, mahalliy davlat hokimiyati organlari va davlat boshqaruvi organlari yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni ochiq tanlov va elektron onlayn-auksion yakunlari to‘g‘risidagi bayonnomani bekor qilish yoki o‘zgartirish yo‘li bilan bekor qilishga haqli emas.
Respublikamizda mavjud dehqon xo‘jaliklari faoliyatini tartibga soladigan alohida hujjat O‘zbekiston Respublikasining “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunidir. Uning 25-moddasi dehqon xo‘jaligini yakunlovchi qoidalar va asoslariga bag‘ishlangan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: