2021-yil 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida agrosanoat majmuasi va OAV vakillari ishtirokida konferensiya-taqdimot bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini jadal raqamlashtirish bo‘yicha dasturlar doirasida yaratilgan 10 ta axborot tizimlari va platformalari taqdim etildi. Anjumanni qishloq xo‘jaligi vazirining agrosanoat majmuini raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Yuldashev hamda yerdan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Maqsud Ruzmetov ochib berishdi.
«Davlatimiz rahbarining “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan agrosanoatni rivojlantirishga qaratilgan bir necha o‘nlab loyihalarni amalga oshirish belgilangan. Shu asosda raqamlashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifa va topshiriqlarni jadal suratlarda olib borishda yetakchi xorijiy tajribani o‘rganish, jumladan, Yevropa Ittifoqi va Jahon Bankining maslahat va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashidan, eng yaxshi texnik yechimlardan foydalanilmoqda», – deya taʼkidlab o‘tdi vazir o‘rinbosari Qahramon Yuldashev.
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligida fermerlar va agronomlarga raqamli texnologiyalar yordamga kelmoqda. Katta maʼlumotlar (Big data) va ularni tahlil qilish hosilni terib olish uchun qulay vaqtni belgilash, o‘g‘itlash sxemasini hisoblab chiqish, monitoring qilish, hosilni prognozlashtirishga yordam bermoqda.
Raqamli texnologiyalar o‘simlikshunoslikning to‘liq siklini boshqarishga imkon yaratadi. Aqlli qurilmalar tuproq, o‘simliklar parametrlari, mikroiqlimni o‘lchaydi va maʼlumotlarni uzatadi. Datchiklar, koinotdan olingan suratlar, dronlar, meteorologik stansiyalar va boshqa uskunalardan olingan maʼlumotlar Big datani shakllantiradi, maxsus ilovalar bilan tahlil qilinadi va geoportalga joylashtiriladi.
«So‘nggi 15 yil ichida O‘zbekiston aholisi 27 milliondan 35 millionga yetdi, har bir kishi uchun ajratilgan yer maydoni esa 23 sotixdan 16 sotixga kamaydi, – deya maʼlumot berdi qishloq xo‘jaligi vazirining yerdan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Maqsud Ruzmetov. – 1 gektar yerni sug‘orish uchun mo‘ljallangan suv resurslari 3048 m3 dan 2889 m3 ga qisqardi. Ushbu muammoning yechimini topish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-sonli qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan Farmoni qabul qilindi. Unda yerning aniq hisobini yuritish va yer maydonlarining meliorativ holati haqidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish masalalari belgilangan. Farmonda ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish yuzasidan so‘nggi 1,5 yil ichida portal yaratilgan bo‘lib, u joriy yilning noyabr oyidan ishlashni boshladi, unda 24 mln gektar yer raqamlashtirilgan, interfaol xarita yaratilgan. Fermerlar va tadbirkorlar foydalanishi mumkin bo‘lgan maʼlumotlarga qo‘shimcha ravishda, dronlar yordamida taqdim etiladigan bir qator xizmatlarni ham ishga tushirish rejalashtirilgan. Bunday texnologiyalardan foydalanish qishloq xo‘jaligi ishlariga sarflanadigan xarajatlarni deyarli ikki baravar kamaytirishga yordam beradi».
Butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2020-yil dekabrda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyasini rivojlantirish strategiyasi» hamda «Aqlli qishloq xo‘jaligi» texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha 2021-2023-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar» tasdiqlangan bo‘lib, bunda to‘rtta asosiy yo‘nalishlar nazarda tutilgan:
- qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish;
- boshqaruv jarayonlari, monitoringni avtomatlashtirish;
- agrar sohada biznes-startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
- suv resurslarini hisobga olish.
Shu bilan birga Qishloq xo‘jaligi vazirligining markaziy apparati tarkibida Agrar sohada raqamli texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi va «Agrosanoat majmuini raqamlashtirish markazi» davlat muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, ular sohada raqamlashtirishni rivojlantirish bo‘yicha jadal dastur, qishloq xo‘jaligi sohasida oziq-ovqat xavfsizligini nazorat qilish va qo‘llab-quvvatlash, suvni boshqarish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va subsidiyalar taqdim etish, zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni imtiyozli moliyalashtirishga yordam beradigan raqamli yechimlarni joriy etish uchun masʼuldir.
«Joriy yil oxirigacha O‘zR Qishloq xo‘jaligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi tomonidan 5 ta axborot tizimi ishga tushiriladi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratish uchun mo‘ljallangan «E-IJARA TANLOV» tizimi, ArcGIS dasturiy mahsuloti bazasidagi geoaxborot tizimi, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini subsidiyalash” yagona axborot tizimi, Import qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalari hisobi tizimi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining yangilangan rasmiy veb-sayti, – deya aniqlik kiritib o‘tdi O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni raqamlashtirish markazi direktori Saidagzam Alimov. – Shuningdek, 2022-2023-yillarda yana 5 ta elektron tizimning ishga tushirilishi ko‘zlangan. Yaʼni Agroplatforma AT, “Marketplace” elektron agrosanoat savdo portali, Toshkent davlat agrar universitetida joriy etiladigan «Smart campus» loyihasi, “Rubicon” suv resurslarini boshqarish tizimi, fermerlar uchun ekotizimni yaratishga asos bo‘ladigan 150 dan ortiq turdagi interaktiv xizmatlar va servislardan iborat «Raqamli qishloq xo‘jaligi» ASM yagona integratsiya platformasi. Ushbu innovatsion yechimlarni joriy etish ASMda tadbirkorlik faoliyatini yengillashtirish va muqobillashtirish imkonini beradi, hujjatlar almashinuvi va interaktiv xizmatlarga ega bo‘lishni osonlashtiradi, agrar sohada jarayonlar shaffofligini kuchaytiradi va eng muhimi, ASM tizimida samaradorlik natijalarini yaxshilaydi».
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi oldida agrosanoat majmuida texnologik rivojlanishni jadallashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, suv resurslarini samarali boshqarish va qishloq xo‘jaligi korxonalarida unumdorlik o‘sishiga ko‘maklashish orqali mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasini keng miqyosda raqamli transformatsiya qilish masalasi turibdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: