Joriy yilning 8-iyun kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va Respublikada o’g’it, kimyoviy va o’stiruvchi moddalarni ishlab chiqarishni yo’lga qo’ygan “IFODA AGRO KIMYO HIMOYA” MCHJ qo’shma korxonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra endilikda sabzavotchilikni rivojlantirish zarur bo‘gan kimyoviy o‘g‘it va moddalarni innovatsion texnologiyalar asosida ishlab chiqarishda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda ilmiy izlanishlar olib boriladi.
Ushbu hamkorlik asosida ilmiy asoslangan, tabiatni kam ifloslantiruvchi kimyoviy va biologik moddalarni sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirishda qo’llash natijasida ekinlardan yuqori hosil va organik sof mahsulot olishga erishiladi.
Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti sabzavot, poliz, kartoshka ekinlarini yangi nav va duragaylarini yaratish, ularning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish, yetishtirish texnologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish, mahsulot sifatini yaxshilash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash borasida ko‘p qirrali ilmiy izlanishlarni amalga oshiruvchi ilmiy tashkilotdir. Bugungi kunga kelib esa ushbu tashkilot o’z hamkorlarini kengaytirish niyatida.
Saidmurod Alimuxammedov Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Organik dehqonchilik laboratoriyasi mudiri:
“Laboratoriyamizning asosiy vazifasi sabzavot, poliz hamda kartoshka ekinlaridan organik mahsulot olish bo’yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish. Respublikamizdagi eng katta kompaniyalardan biri bilan hamkorlikdan ko’zlangan maqsad esa birgalikda fermerlarimizga yangidan yangi ekologik toza mahsulotlarni chiqarishdir”.
«Ifoda agro kimyo himoya» MCHJ QK ko‘p yillardan beri Respublikamizdagi dehqon va fermer ho‘jaliklari, shaxsiy tomorqa egalari va boshqa qishloq xo‘jaligi tashkilotlariga o‘simliklarni himoya qilish vositalari va o‘g‘itlarni yetkazib berish hamda ularni qo‘llash bo‘yicha amaliy maslahatlar berish faoliyati bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Ilg‘or uskunalar hamda eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan mazkur korxona xorij mahsulotlari o‘rnini bosa oladigan va Yevropa retseptlari asosida tayyorlanadigan yuqori sifatli o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Anvarjon Abdullayev “IFODA AGRO KIMYO HIMOYA” MCHJ qo’shma korxonasi tadqiqot bo’limi boshlig’i:
“Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimlarining faoliyatimizga bog’liq bo’lgan bir qancha ilmiy ishlanmalari mavjud. Bu ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish bo’yicha kelishivga erishildi. Ularning nazariyasi, laboratoriya sharoitida tayyorlangan ishlanmalari bor, lekin ular ishlab chiqarishga yo’naltirilmagan. Endi esa institut bilan hamkorlikda yaratilgan bir qancha ilmiy ishlanmalarni kompaniyamiz orqali amaliyotga tadbiq qilish, ishlab chiqarish va uni mahalliy dehqon xo’jaliklariga yetkazish, shu bilan birga eksportga ham yo’naltirishni maqsad qilganmiz”.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: