Shu kunlarda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida O‘zbekiston va Isroil Qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov isroillik hamkasbini qabul qilar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqin iqtisodiy hamkorlikda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi o‘ziga xos o‘rin tutishini qayd etdi. Xususan, Isroilning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni tatbiq etish borasidagi tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonda joriy etish yaxshi samara berishi ta’kidlandi.
Isroil Qishloq xo‘jaligi vaziri Avi Dixter O‘zbekiston tomoniga taklif uchun minnatdorlik bildirib, Samarqand konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidladi, tadbir doirasida amalga oshirilgan uchrashuvlar, fikr almashinuvlari albatta samara berajagiga ishonch bildirdi. Aziz Voitov g‘alla yetishtirishda Isroil
texnologiyalarini joriy qilish va bu boradagi ishlarni jadallashtirish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek suvdan tejab foydalanish, suv tejamkor texnologiyalarni tatbiq etish borasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi. Uchrashuv yakunida qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarni jalb etish bo‘yicha o‘zaro Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov xalqaro konferensiya doirasida Bangladesh, Mo‘g‘uliston, Turkiya, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi qator davlatlarning Qishloq xo‘jaligi vazirlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. O‘tkazilgan uchrashuvlarda agrar sohadagi hamkorlik istiqbollari, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish masalalari ko‘rib chiqildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: