Joriy yilning 6-iyul kuni Qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov va Vengriyaning “Bonafarm Group” kompaniyasi bosh direktori Attila Chanyi o‘rtasida onlayn muloqot boʻlib oʻtdi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muloqot avvalida vengriyalik hamkorlar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi bugungi jadal yig‘im-terim ishlariga qiziqishlarini bildirdilar.
Shundan so‘ng kompaniya vazirlikka mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga sarmoya kiritish shartlari, qiymati va ular ko‘rsatilgan yozma taklifni yaqin kunlarda kiritish niyatida ekanligini bildirdi.
Muloqot chog‘ida, avgust oyi oxiriga qadar loyiha doirasida ishchi guruh shakllantirilib, har ikki tomondan aniq vakillar biriktirilishi kerakligi ham ta’kidlandi.
Shuningdek, oktabr oyiga qadar moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash, investitsiya shartnomasi loyihasini ishlab chiqish va bu bo‘yicha amaliy ishlarni rejalashtirishga kelishib olindi. Sentabr oyida kompaniya vakillarining respublikamizga tashrifi kutilayotgani alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, loyihani amalga oshirish uchun ajratilgan yer maydonlarida qurilish-montaj ishlarini boshlash jadvali yuzasidan ham fikrlar almashildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, “Bonafarm Group” kompaniyasi 2009-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Vengriyadagi chorvachilik, sut, vinochilik va parrandachilik sohalarida faoliyat yurituvchi eng yirik agro-oziq-ovqat guruhidir.
Ushbu yirik kompaniyaning savdo aylanmasi 1,9 milliard dollarni tashkil etadi.
Bugungi kunda kompaniyada 8400 dan ortiq xodim va mutaxassislar mehnat qilishmoqda.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasining ushbu yirik kompaniya bilan hamkorligi mamlakatimiz uchun ko‘plab imkoniyatlar eshigini ochishi, shubhasiz. Bugungi onlayn muloqot bu boradagi muhim qadamdir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: