Avvalxabar berganimizdek, Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur konferensiya va uning doirasida o‘tkazilayotgan plenar yig‘ilishlar va soha mutaxassislarining uchrashuvlarida oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligida sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish masalalri muhokama qilinmoqda. Yangi tashabbus va takliflar o‘rtaga tashlanmoqda. Ijodiy guruhimiz mazkur konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad, ko‘tarilayotgan mavzular haqida Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurovdan intervyu oldi.
Alisher Shukurov, Qishloq xo‘jaligi vazir o‘rinbosari
7-8-sentyabrda Samarqandda mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan yirik anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Bu xalqaro anjumanni tashkil etish ehtiyojiga to‘xtaladigan bo‘lsak, asosan bu O‘zbekistonning tashabbusi hisoblanadi. Bunda biz respublikamizning oxirgi yillarda erishgan yutuqlarini, oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi tajribalarini xalqaro hamjamiyat bilan ulashishni maqsad qilganmiz. Ma’lumki, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi qabul qilinganligiga mana qariyb besh yil bo‘lmoqda. Ushbu yillar davomida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilish, sohani yangi bosqichga olib chiqish, agrar tarmoqni xizmat ko‘rsatishga, sohani ilm va innovatsiyaga asoslangan tizimga o‘tkazishga doir keng qamrovli tadbirlar, islohotlar amalga oshirilmoqda. Mana shu
islohotlarni xalqaro hamjamiyatga ko‘rsatish va o‘zimizga xos tajribalarni boshqa davlatlar bilan ulashish bu O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikdagi katta tashabbusidir. Oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan bu konferensiyaning o‘tkazilishiga ehtiyoj shundaki, albatta, bizda bir qator sodir bo‘lgan voqeliklar, jumladan, 2020-yildagi pandemiya paytida davlatlarning oziq-ovqat borasida bir-biriga qanchalik bog‘liqligini va bu o‘ta muhim ekanini ko‘rdik.
Shuningdek, butun dunyoda davlatlar mahsulotlarning import-eksporti, logistik yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda muammolarga duch kelishdi. Eng muhimi, ushbu qiyinchiliklardan, jarayonlardan olingan o‘ziga xos xulosalar bor. Ushbu xulosalarni xalqaro hamjamiyatga olib chiqish bugungi konferensiyamizning ehtiyoj va maqsadlaridan biridir.
Shu bilan bir qatorda konferensiyada 8 ta global mintaqaviy xarakterga ega bo‘lgan tashabbuslar ilgari surilmoqda. Eng birinchi tashabbuslardan biri bu oziq-ovqat xavfsizligi va suv muammosi. Bugungi kunda mamlakatimizdagi umumiy suv resurslarimizning 90 foizidan qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Boshqa davlatlarda ham mana shunday suv resurslarining asosiy ko‘rsatkichi qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladi. Demakki, suv va iqlim o‘zgarishidagi taʼsirlar muammolarni keltirib chiqaradigan eng katta omillardan hisoblanadi. Bu esa, milliy, mintaqaviy va global muammo demakdir. Ushbu muammoni bugungi anjumanda dastlabki mavzu sifatida ilgari suryapmiz. Bunda suvdan foydalanishda yangi asboblarni, texnologiyalarni, tashabbuslarni ilgari suramiz va muhokama qilamiz. Ikkinchi yana bir muhim yo‘nalish bu dengizga chiqishga imkoniyati bo‘lmagan davlatlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning yangi imkoniyat va tashabbuslarini ilgari surishdir. Sababi, bunday imkoniyatga ega bo‘lmagan davlatlar har tomonlama
oziq-ovqat xavfsizligida o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch keladi. Mahsulotni eksport va import qilishda, sohaga oid xizmatlarni mamlakatga olib kirishda bu muammolar tug‘diradi, narx-navoga salbiy taʼsir qiladi, cheklovlarga olib keladi.
Ushbu xalqaro anjumanda mana shu davlatlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga harakat qilinmoqda. Bunda albatta, xalqaro moliya institutlaridan, moliyaviy resurslardan foydalanishda imkoniyatlarni kengaytirish masalasi ham muhokama markazida turibdi. Yana muhokama etiladigan eng muhim mavzulardan biri — bu iqlim o‘zgarishi va qishloq xo‘jaligi haqida bo‘lmoqda. Iqlim o‘zgarishi barcha sohaga taʼsir qilmoqda. Lekin qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishining o‘ziga xos o‘rni bor. Bu ikki holatda namoyon bo‘lmoqda. Birinchisi, qishloq xo‘jaligi iqlim o‘zgarishiga taʼsir qiluvchi soha hisoblanadi. Butun dunyoda iqlim o‘zgarishiga taʼsir qiluvchi mezonlarning 24 foizini yaʼni 4/1 ini qishloq xo‘jaligi tashkil etadi. Shu bilan birga iqlim o‘zgarishi oqibatida agrar soha eng katta zarar ko‘radi. Suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, yog‘ingarchilik va boshqa salbiy omillar ekinlarning hosildorligi kamayib ketishiga va boshqa qator salbiy oqibatlarga olib keluvchi omil sifatida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun bugungi anjumanda iqlim o‘zgarishining oqibatlarini bir davlatdagi emas, balki butun dunyodagi katta bir mavzu sifatida olib chiqyapmiz. Oxirgi yillarda iqlim loyihalari, uni moliyalashtirish bo‘yicha dunyo hamjamiyati tomonidan 100 mlrd dollar miqdoridagi mablag‘ jalb etildi va bu borada tashabbuslar ilgari surildi. Lekin afsuski, hanuzgacha bu mablag‘lardan foydalanishning
imkoniyatlari yetarli emasligi maʼlum bo‘lmoqda. Afsuski, bugungi kunda o‘sha iqlim mablag‘laridan foydalanishda ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarning imkoniyatlari yetarli emas. Ushbu anjumanda iqlimni moliyalashtirilishini asosiy mavzu sifatida olib chiqyapmiz. Joriy yilning dekabr oyida Birlashgan Arab Amirligida nufuzli iqlim konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu anjumanda bizning bugungi muhokamalarimiz, xulosalarimiz asosida o‘ziga xos tashabbus va tavsiyalar taqdim etiladi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: