Qadim Samarqandda oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston hukumati tomonidan BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning texnik ko‘magida tashkil etilgan mazkur konferensiya 7–8 sentyabr kunlari davom etadi. Tadbirda 15 ta mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirlari, 8 mamlakatdan vazir o‘rinbosarlari, 13 mamlakatning yuqori darajadagi diplomatlari va 30 dan ziyod xalqaro hamda ilmiy tashkilotlar, shuningdek moliya institutlari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya qatnashchilariga yo‘llagan murojaatini Bosh vazir Abdulla Aripov o‘qib eshittirdi. Unda jumladan shunday deyilgan:
— Albatta, ushbu konferensiya uchun aynan Samarqand shahri tanlangani bejiz emas. Qariyb uch ming yillik tarix va madaniyatga ega bo‘lgan bu ko‘hna shahar asrlar davomida Buyuk ipak yo‘lidagi muhim chorraha bo‘lib kelgan. Sizlarga yaxshi maʼlumki, oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazib berish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash masalalari bugun ham o‘ta dolzarb bo‘lib qolmoqda. So‘nggi o‘n yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan taʼminlashda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Konferensiya faoliyatining yakunlari asosida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi. Hujjat xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi. Tomonlar iqlim o‘zgarishi, suv resurslarining kamayishi, yerlar degradatsiyasini asosiy chaqiriqlar sifatida e’tirof etdilar.
Samarqand deklaratsiyasida ishtirokchi mamlakatlarning quyidagi maqsadlari qayd etiladi:
— qishloq xo‘jaligini ekologik jihatdan eng xavfsiz, bioxilma-xillikni qo‘llab-quvvatlaydigan usulda, suv resurslaridan optimal foydalangan holda rivojlantirish;
— aholi, ayniqsa bolalar va o‘smirlarning sog‘lom ovqatlanishiga ko‘maklashish, maktabda ovqatlanish kompleks dasturlarini joriy qilish;
— ayollarning agrooziq-ovqat tizimlari transformatsiyasidagi ulushini oshirish uchun qishloq joylardagi ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish;
— davlat miqyosida kichik va oilaviy xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ishlab chiqarish, tabiiy va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida 26 mamlakatdan 150 dan ziyod xorijiy olimlar va O‘zbekistonning 200 nafar olimi ishtirokida davra suhbati o‘tkaziladi. Ishtirokchilar qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini muhokama qiladilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: