O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga tashrifi arafasida mamlakat poytaxti — Rim shahrida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar va hamkorlikning yangi shakllarini mustahkamlashga, rivojlantirishga hamda qishloq xo‘jaligi, sanoat, energetika va iqtisodiyotning boshqa sohalariga investitsiyalar jalb qilishga yo‘naltirilgan O‘zbekiston-Italiya biznes-forumi o‘tkazildi.
O‘zbekiston tomonidan forum doirasidagi uchrashuvlarda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Qudratov, investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari O.Hamroev, O‘zbekistonning Italiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi O.Akbarov, transport vazirining o‘rinbosari J.Choriev, Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish agentligi direktori M.Mirzaev, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori O.To‘ychiev, qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi A.Shukurov, Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov va respublikadagi yirik energetika, sanoat korxonalari va banklari rahbarlari qatnashdi.
Italiya tomonidan tadbirda Italiya tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vazirining o‘rinbosari E.Chirielli, Italiyaning O‘zbekistondagi elchisi A.Pinn, Italiya savdo agentligining prezidenti M.Zoppas, OICE (Italiya muhandislik, arxitektura va texnik-iqtisodiy konsultatsiyaviy tashkilotlari uyushmasi) vitse-prezidenti R.Karpaneto, “IVECO” kompaniyasining hukumat bilan aloqalar bo‘yicha direktori A.Chommi va Italiya biznesi hamda sanoat doiralarining boshqa vakillari ishtirok etishdi.
Biznes-forumda taqriban 200 ta kompaniya qatnashayotgan bo‘lib, shulardan 30 tasi qishloq xo‘jaligi texnikasi va agrotexnologiyalar sohalari vakillaridir. Qishloq xo‘jaligi vazirining maslahatchisi A.Shukurov qayd etganidek, O‘zbekistonda bu sohada hamkorlik bo‘yicha ijobiy tajriba shakllangan – 2020-yilda Italiyaning “Fin.Opera” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda za’faron yetishtirish bo‘yicha qiymati 44 million yevroga teng loyiha yo‘lga qo‘yilgan. 2023-yilda “Fin.Opera” va uning o‘zbekistonlik sherigi – “BMB Trade Group” o‘rtasida ushbu loyihaga yana 80 million yevro kiritish to‘g‘risida investitsiya kelishuvi imzolandi.
Forum doirasidagi uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligi sohasida yirik kontraktlar va kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda. Ular O‘zbekiston agrotarmog‘iga zaruriy turtki berib, respublikada eng yangi texnologiyalar rivojlanishiga xizmat qiladi va uzoq muddatda sohaning unumdorligi va ekologik barqarorligini oshirish imkonini beradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: