Bugun Farg‘ona shahrida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) va “Annexure Financial Solutions” konsalting kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Jahon banki va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi doirasida O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik II forumi boshlandi.
Unda soha olimlari va ekspertlari tomonidan qator dolzarb mavzularda tahliliy takliflar bildirilmoqda. Xususan, “O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik marketingi bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi eksperti, bosh marketolog Husan Haydarovning “Meva va sabzavot mahsulotlarni Germaniya bozoriga eksport qilish” bo‘yicha qilgan taqdimotida O‘zbekistondan Germaniyaga shu vaqtgacha asosan quritilgan sabzavotlar, sabzi, qovunlar va mayiz kabi mahsulotlar eksport qilinganligi, vaholanki, yurtimizda yetishtirilayotgan ho‘l mevalardan gilos, o‘rik, nok, shuningdek quritilgan o‘rik va dukkaklilardan mosh va loviyaga ham Yevropa bozorida talab borligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, loyiha bosh eksperti Abdumalik Rustamovning “Meva va sabzavot ekinlari mahalliy navlarini yetishtirish, ichki va tashqi bozorga chiqarishni yaxshilash tadbirlari” bo‘yicha ma’ruzasida ham navlarni o‘rganish va sohadagi muammolarga yechim topish, mahalliy navlarni o‘rganish, jumladan, eksport salohiyatiga ega mahalliy sharoitga mos ekin navlari, noan’anaviy ekinlar assortimentni kengaytirishga qadar yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
Bundan tashqari, Qatar, Quvayt meva-sabzavot bozori haqidagi qiziqarli faktlarga asoslangan ma’lumotlar forum ishtirokchilari e’tiborini tortdi. Qayd etilishicha, Saudiya Arabistonidan O‘zbekistonga umumiy eksport – 8.38 mln dollarni, O‘zbekistonning Saudiya Arabistoniga umumiy eksporti esa – 8.03 mln dollarni tashkil qilgan. Shundan meva sabzavotlar – 1.96 mln dollar ya’ni 2.1% ni tahskil etgan.
Forum davomida Meva-sabzavotchilik sohasining bugungi holati va istiqbollari bo‘yicha loyiha eksperti Parxod Nazarovning taqdimotida loyiha davomida meva-sabzavot ekinlarining 33 turi o‘rganilgani, mevali ekinlar va uzum, sabzavot, poliz ekinlari, shuningdek dukkakli ekinlar hosildorligi viloyatlar kesimida tahlil qilindi.
Eslatib o‘tamiz, forumning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasining amaliy ijrosi, mamlakatimizdagi meva-sabzavotchilik sohasidagi yetishtirish, marketing, sotish va eksport masalalarida olib borilayotgan ishlar va natijalar yuzasidan fikr almashishdan iborat.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: