Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy taʼlim muassasalari, ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) xodimlaridan iborat delegatsiya agrar soha tadbirkorlari tajribasini o‘rganish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Turkiyada bo‘lib turishibdi.
Dastlab delegatsiya Konyadagi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi, Baxri Bardosh ilmiy-tadqiqot instituti, O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi va texnika ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Ushbu viloyatda 1,8 mln gektar yer maydonida 13 turdagi (g‘alla, qand lavlagi, kartoshka, makkajo‘xori, meva-uzum va chorvachilik) mahsulotlari yetishtiriladi. Birgina o‘tgan 2022-yilda 30 mlrd dollar miqdoridagi 17 mln tonna mahsulot ishlab chiqarildi. Eʼtiborlisi, barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 70 foizi lalmi yerlarda, 30 foizi esa sug‘oriladigan yer maydonlarida yetishtiriladi.
Turkiyadagi sertifikatlangan urug‘lik bo‘yicha 30 foiz ulush aynan mana shu Konya provinsiyasiga tegishli ekanini alohida ta’kidlash joiz. Hududda 90 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar faoliyat yuritmoqda, ularning 13 mingdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi.
Konya mamlakatda yirik va mayda shoxli chorva mollarini boqish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turadi. Bu yerda 9 mln boshdan ortiq yirik shoxli va 3 mln boshdan ortiq mayda shoxli chorva mollari mavjud.
2022-yilda qishloq xo‘jaligi sohasiga 3,8 mlrd dollar miqdorida subsidiya ajratilganining o‘zi ham mamlakatda bu tizimga eʼtibor nechog‘li yuqori ekanini ko‘rsatib turibdi. Qishloq xo‘jaligiga tegishli 630 ming gektar yer maydoniga yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan. Darvoqe, bu yerda aqlli sug‘orish texnologiyalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda, fermerlar mobil telefon orqali sug‘orish usulidan foydalanishmoqda.
Turkiyada birinchi o‘rinda turadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari aynan Konyada ishlab chiqariladi. Hududning texnika eksportidagi ulushi 15 foizga teng. Sohaga yanada ko‘proq imkoniyat va qulayliklar yaratish maqsadida texnika sotib oluvchilarga Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi tomonidan 50 foizgacha subsidiyalar beriladi.
Delegatsiya tarkibidagi o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchrashuvlar mobaynida turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda tuproqqa ishlov bermasdan (no-till) ekish seyalkasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishishdi. Bunday texnikaning afzalligi shundaki, ish sarfi, xarajatlar, kamayadi, mahsulot tannarxi arzonlashadi. Eng asosiysi, begona o‘tlar, kasallik va hasharotlarga qarshi kurashish bo‘yicha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishga eʼtibor qaratish kerak.
Maʼlumki, oxirgi yillarda yerga ishlov bermasdan ekin ekishga moslashtirilgan texnikalarni ishlab chiqarishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Delegatsiya vakillari mana shunday texnikalar ishlab chiqariladigan “Şakalak” va “Özdoken” zavodlariga ham tashrif buyurishdi va ikki tomonlama foydali kelishuvlarga erishildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: