Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida “Sabzavot ekinlarining seleksiya usullari” mavzusida o‘quv seminar-treningi bo‘lib o‘tdi.
Treningda bir qator mavzular, xususan, seleksiya uchun birlamchi manbalar (genbank, kolleksiyalar, introduksiya, iqlimlashtirish, mahalliy materiallar), sabzavot o‘simliklarining belgilari va ularning o‘zgaruvchanligi, solanatsiya ekinlarni ko‘paytirish usullari va gullash biologiyasi (pomidor, qalampir, baqlajon, kartoshka), qovoq ekinlarini ko‘paytirish usullari va gullash biologiyasi (bodring, tarvuz, qovun, qovoq, qovoqcha), karamdosh va ildizmevali ekinlarini ko‘paytirish usullari va gullash biologiyasi, sabzavot ekinlarining geterozis duragaylarini yaratish bo‘yicha xorijiy tajriba, chatishtirish uchun juftlarni tanlash, seleksiya jarayonining sxemasi, seleksiya yo‘nalishlari (ertapisharlik, hosildorlik, kimyoviy tarkibi, kasalliklarga chidamliligi) borasida mutaxassislar tomonidan ma’ruzalar qilindi.
Rustam Nizomov, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor:
“Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida “Sabzavot ekinlarini seleksiya usullari” mavzusiga bag‘ishlangan seleksion yo‘nalishdagi seminar tashkil etildi. Ikki kunlik seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad — yoshlarimizga seleksiya usullarini o‘rgatib, ustoz-shogird an’analariga asoslangan holda yoshlarni ilmga jalb qilish”.
Shuningdek, trening davomida bodring hamda pomidor, shuningdek qovun, tarvuz va qovoqni chatishtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ham bo‘lib o‘tdi.
Marjona Abilova, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti 1-kurs tayanch doktaranti:
“Professor-olimlar tomonidan tashkil etilgan ushbu seminar-trening biz uchun juda ham foydali bo‘ldi. O‘zimning mutaxassisligimdan tashqari bu yerda bodringni chatishtirish usullarini o‘rgandik. Mening ilmiy ishim — issiqxonada yetishtirishga moslashgan qovun navlari seleksiyasi uchun birlamchi manba yaratish. Bu bo‘yicha ham yanada chuqurroq bilimlarga ega bo‘ldim. Bu olgan bilimlarimni kelajakda o‘z loyihalarimda qo‘llayman”.
“Sabzavot ekinlarini seleksiya usullari” mavzusida o‘tkazilgan o‘quv seminar-treningi yakunida o‘quv kursi ishtirokchilariga sertifikatlar taqdim etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: