Yurtimizning mehnatkash dehqonlari har yili dasturxonlarimizni turli noz-ne’matlar bilan to’ldirishadi. Sarxil mevalar orasida gilos o‘zining xushta’mligi va inson salomatligi uchun foydaliligi bilan barchaga birdek manzur.
Gilos yetishtirish 10 ming yillik tarixga ega. Atirgullilar oilasiga mansub bu danakli meva daraxti jahonning koʻplab mamlakatlarida, shu jumladan, Oʻzbekistonda ham qadim zamonlardan ekib kelinadi. Gilos yuz yilgacha yashaydi va har bir tupi 300 kilogramgacha hosil beradi.
Mazkur meva haqida gap ketganda, “gilos darddan etar xalos” yoki “odam organizmiga mos”, deb bejiz aytilmagan. Shifokorlarning qayd etishicha, u tanadagi vitaminlar muvozanatini normallashtirishga yordam beradi, qon bosimini meʼyorda ushlab turadi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-iyun oylarida xorijiy davlatlarga gilos eksport qilgan hududlar orasida Farg‘ona viloyati 12,4 ming tonna gilos bilan respublikada yetakchi bo‘lgan. 2023-yilda ham Farg‘onalik bog‘bonlar o‘tgan yilgi natijadan ham yuqori maqsadlarga erishishga qattiq bel bog‘lagan.
“Muhammad A’zim ota Hamdamov” fermer xo‘jaligi rahbari Lutfullo Hamdamov ham joriy yil bog‘idagi giloslardan katta hosil olmoqchi ekanligini aytib o‘tdi.
Umuman olganda, 2004-yilda tashkil topgan fermer xo’jaligida asosan 2 turdagi gilos – “Buqa yuragi” (“Volovye serdse” ёки “Bull’s Heart”) hamda “Bahor” navlari mavjud.
Lutfullo Hamdamov: “Eksportga mo’ljallangan “Buqa yuragi” navlari orasiga “Bahor” navli giloslar ekilgan. Bu esa tabiiy ravishda changlanishni yuzaga keltiradi hamda hosilning ko‘p bo‘lishini ta’minlaydi. Biz daraxtlarimizga o‘g‘itlarni asosan qishda beramiz. Buning sababi – qishda berilgan o‘g‘itlar bahor faslida gilos daraxtlari gullashi uchun quvvat zaxirasi vazifasini o‘tab beradi. Agar qish faslida o‘g‘it berilmasa, bahorga kelib gilos gullari to’kilib ketishi mumkin. Bundan tashqari, qish faslida biz mevali daraxtlarimizga chilla suvini beramiz. Natijada, yoz oyida mevali daraxtlar suvsizlikka bardoshli bo‘ladi. Ikkinchi suv esa mevalarimiz rosa gullagan paytda, ya’ni bahor faslida beriladi. Bu jarayonning ham hosildorlikka ancha foydasi bor”.
Gilos daraxtlarini parvarishlash mushkulligini inobatga olgan holda, ularni namlikni yaxshi o‘tkazuvchi yerga ekish tavsiya qilinadi. Achchiq giloslar o‘z-o‘zini changlatish xususiyatiga ega, ammo shirin giloslar yaxshi hosil berishi uchun changlatuvchi navlari bilan birga ekilishi kerak.
“Yelena hosili saxovati” fermer xo‘jaligi rahbari Boris Li ham 25 yil oldin yaratilgan gilos bog‘ida faoliyat olib borayotganligini aytar ekan, gilos asosan Xitoy, Janubiy Koreya hamda Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilinayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
Boris Li: “Bizning giloslarimiz asosan Xitoy, Janubiy Koreya hamda Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilinadi. Joriy yildan e’tiboran Rossiya Federatsiyasiga ham 70 foiz gilosimizni eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Yana bir e’tiborga molik jihatga to‘xtalib o‘tsam, tandir va o‘choqdan chiqqan kul gilos uchun juda foydali hisoblanadi. Bundan tashqari tuxum po‘stlog‘i ham gilos daraxti uchun ahamiyati juda katta. Ularning tarkibida mikro hamda makro elementlar mavjud. Tuxum po‘stlog‘i kalsiyga juda boy. Uning o‘g‘it sifatida berilishi gilos mevalarining ustki qismi yorilishining oldini oladi”.
Umuman olganda, gilosni ko’chat holidan to meva bergungacha bo’lgan jarayon juda ham mushkul. Bobodehqonlar mana shunday mashaqqatli mehnat bilan yetishtirayotgan meva-sabzavotlar yurtimiz aholisining ehtiyojidan ortib, xorij bozorlariga ham eksport qilinayotgani dehqon va fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini yaqqol ko‘rsatib, mamlakat eksport salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: