O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va sohadagi bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalar vakillari 22-26-mayda Italiyada bo‘ldi.
O‘zbekistonning Rimdagi elchixonasi va BMT Taraqqiyot dasturining Toshkentdagi vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligida “yashil” iqtisodiyotni joriy qilish, agrar sohada yangi bilim va innovatsiyalarni qo‘llash borasidagi xorijiy tajribani o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasi Italiya qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan, xususan, meva-sabzavotchilik, uzumchilik, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlaridagi ishlarni o‘rgandilar. Shuningdek, Italiyada sug‘orish ishlari qanday yo‘lga qo‘yilgani, mamlakatdagi irrigatsiya tizimlari bilan yaqindan tanishdilar.
O‘zbekiston vakillari Italiya Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va o‘rmonchilik siyosati vazirligi, Qishloq xo‘jaligida ilmiy tadqiqotlar va iqtisodiy tahlil kengashi, Uzumchilik va enologiya tadqiqot markazi, shuningdek Agrar siyosat va bioiqtisodiyot tadqiqot markazida bo‘ldilar va ikki tomon uchun manfaatli muzokaralar olib bordilar.
Italiyaning Emilya-Romanya va Veneto mintaqalariga uyushtirilgan safar davomida ko‘rgazmalarda bo‘lindi va Italiya qishloq xo‘jaligida innovatsiya hamda amaliyot uyg‘unligiga qanday erishilgani bilan tanishildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi mezbonlarni yurtimizning qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyati bilan tanishtirdi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan agrar islohotlar, belgilangan strategik rejalar italiyalik mutasaddilar va mutaxassislar tomonidan qizg‘in qabul qilndi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi muassasalari o‘rtasida ilmiy-innovatsion hamkorlik o‘rnatilishiga kelishib olindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: