Uzumchilik – qishloq xo‘jaligining serdaromad sohalaridan biri. Binobarin, Farg‘onaga qilgan safari davomida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev ham uzumchilikni rivojlantirishga alohida urg‘u berganligi bejiz emas.
Uzumchilikda Oltiariq tajribasini o‘rganishga bag‘ishlab yaqinda o‘tkazilgan seminarda Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov bugungi kunda jahonda uzumchilikning rivojlanishi, O‘zbekistonning global uzum bozorida tutgan o‘rni masalasiga to‘xtaldi.
Chunonchi, bugungi kunga kelib dunyo bo‘yicha 7 mln 300 ming gektar uzumzor mavjud bo‘lib, 1990-yilga nisbatan 700 ming gektarga kamaygan. Shunday esa-da, yalpi hosil 77,5 mln. tonna (183,0 mlrd dollar)ni tashkil etib, 130% foizga oshgan. 2025-yilga kelib esa 90 mln tonnaga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu holat dunyo uzumchiligida intensiv texnologiyalar hisobiga har bir gektardan hosildorlik oshib borayotganligini anglatadi.
Hozirda uzum yetishtirish maydoniga ko‘ra yetakchi mamlakatlar beshtaligi quyidagicha ko‘rinish olgan: Ispaniya (955 ming ga), Fransiya (812 ming ga), Xitoy (785 ming ga), Italiya (718 ming ga), Turkiya (410 ming ga).
Aytish kerakki, bu mezon bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘ntalikka kiradi – 181 ming gektar, 7-o‘rin. Mamlakatimiz uzumzorlarining 85 ming gektarida xo‘raki, 73 ming ga kishmishbop, 23 ming ga sanoatbop uzum navlari yetishtiriladi.
Hosildorlikka kelsak, O‘zbekiston yetakchi beshtalikdan o‘rin oladi. Beshtalik esa, quyidagi tartibda aks etadi: Hindiston (212 s), Xitoy (176 s), AQSH (173 s), JAR (166 s), O‘zbekiston (150 s). Umuman olganda, yurtimiz uzumzorlarida 2022-yilda 1,8 mln tonna uzum yetishtirilgan.
Jahon uzum bozorida AQSH (1,7 mlrd dollar), Niderlandiya (1,1 mlrd), Germaniya (745 mln), Buyuk Britaniya (700 mln), Xitoy (586 mln) eng yirik importyorlar sanaladi. Uzum eksporti bo‘yicha esa, TOP-5 quyidagicha ko‘rinishda: Chili (1,2 mlrd dollar), Niderlandiya (984 mln), AQSH (926 mln), Italiya (796 mln), Peru (690 mln). O‘zbekiston esa, 280 mln dollarga teng eksport ko‘rsatkichi bilan 13-o‘rinni egallab turibdi.
Global miqyosda olganda, mamlakatimizning jahon uzum bozorida egallagan bugungi maqomi tahsinga arzigulik. Ammo qishloq xo‘jaligi vazirligi, soha mutasaddilari, mutaxassislar va fermer-dehqonlar bu boradagi ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilash, mavjud salohiyatni yanada kuchaytirish ustida ishlamoqdalar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: