Mamlakatimiz uzumchiligi katta salohiyatga ega. Yurtimizning iqlim sharoiti, asriy va uzum yetishtirishda o‘ziga xos an’analar shakllanganligi bu yo‘nalishning jo‘shqin rivojlanishiga zamin bo‘lmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Oltiariq tumanida uzumchilik rivojiga bag‘ishlangan seminarda bugungi kundagi uzumchilikni rivojlantirishda asosiy vazifa uzum yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilib, yuqori daromad olishdan iboratligini, buning uchun albatta ilm, tajriba va innovatsiya kerakligini ta’kidladi.
Aytish kerakki, Yurtboshimizning to‘rt yil avval qabul qilgan PQ-5200-son qaroriga asosan 2021-2023 yillarda 48 ta uzumchilikka ixtisoslashgan tumanlarda 106 ming ga (klaster va fermerlarda 81 ming ga, aholi tomorqasida 25 ming ga) uzumzor barpo etildi (75 ming ga xo‘raki, 27 ming ga kishmish, 9 ming ga sanoatbop). Sifatli, eksportbop mahsulotga erishish maqsadlarida yevropadan 34 ta yangi, danaksiz uzum navlari keltirildi. Misol uchun, xo‘raki va kishmishbop navlardan Italia, Centenial Seedless, Superior Seedless, Crimson Seedless, sanoatbop navlardan Albarinho, Cabernet Sauvignon, Tempranillo, Merlot, Chardonnay, payvandtaglardan Richter 110, S04, 41-V Millardet kabilar keltirildi.
Sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash uchun 3 yilda 183 mlrd so‘m subsidiya ajratildi. Chunonchi, tomchilab sug‘orishga 1 ga uchun 8 mln so‘m, suv chiqarishga har 1 metrga 600 ming so‘m (120 mln so‘mgacha), loyihalashga 10 mln so‘mgacha, muqobil energiya uskunalari uchun 100 mln so‘mgacha, “in-vitro”da yetishtirilgan har bir dona ko‘chatga 5 ming so‘mdan subsidiya berildi. Bundan tashqari, mayiz quritish va qadoqlash liniyalari va vinochilik uskunalari xarid qilish xarajatlarining 20 foizi (300 mlngacha) subsidiya bilan qoplandi.
Sohani yanada rivojlantirish uchun “2023-2026-yillarda uzumchilik va vinochilik sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ishlab chiqildi. Bunda:
Ushbu ishlarga byudjetdan 300 mlrd subsidiya va XMI mablag‘laridan 100 mln dollar hamda har yili Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 1 trln so‘m yo‘naltiriladi.
Uzumzorlar Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi orqali “tayyor holda” 1-10 ga, 10 gektardan yuqorisi “Qishloq qurilish bank” joylashtiriladigan resurslar orqali moliyalashtiriladi. Qarz mablag‘i 5 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga 16 %dan beriladi. Natijada, 2027-yilga borib qo‘shimcha 3,1 mln tonna uzum yetishtiriladi, shundan 1,8 mln tonnasi xo‘raki, shuningdek 1 mln tonna mayizbop, 300 ming tonna vinobop uzum ishlab chiqarishga erishiladi hamda eksport hajmi 2 mlrd dollarga yetadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: