Namanganning Pop tumanida joylashgan “Zamin grinvorld” MChJning pomidor yetishtirish faoliyatida bugungi o‘zbek tadbirkoriga xos tinimsiz oldinga intilish fazilati namoyon bo‘ladi.
Pop qishloq xoʻjaligi deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga paxtachilik keladi. Tumanda, shuningdek, g‘allachilik, sholikorlik, mevachilik, tokchilik, polizchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, asalarichilik, pillachilik ham yaxshi rivojlangan.
Tuman sabzavotchiligida issiqxona xo‘jaliklari faoliyati alohida o‘rin tutadi. Mana shunday istiqbolli issiqxonalardan biri “Zamin grinvorld” MChJga qarashlidir. Korxona 2021-yilda 6 gektar yerga 3,9 mln AQSh dollariga teng zamonaviy issiqxona qurishga kirishadi. Mahalliy aholining ushbu tur mahsulotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish hamda xorijga eksport qilib, valyuta tushumiga hissa qo‘shish, yuzga yaqin hamqishloqlarni ish bilan ta’minlash – bu maqsadlar biznesning asosiy tamoyili bo‘lmish shaxsiy manfaat ko‘rish bilan uyg‘unlashgan edi. Oradan bir yil o‘tib, 2022-yil sentabrda issiqxona ishga tushdi va ilk pomidor ko‘chatlari ekildi.
Korxona bozorda talabgir bo‘lgan, mahaliy sharoitlarga muvofiq keluvchi Fujimaru navini tanladi. Sifatli urug‘lik, agrotexnik tadbirlarning to‘g‘ri tashkil etilgani tez orada o‘z natijasini berdi – o‘sha yilning dekabr oyidayoq ilk hosil terib olindi. Pomidorning bu navi bir yillik bo‘lib, yil davomida hosil terib olish imkonini beradi. Natijada, jami maydoni 6 gektar bo‘lgan issiqxonada gektariga 200 tonnadan pomidor terib olish rejalashtirilgan. Issiqxonada pomidorlar bir tomondan terishga tayyor bo‘lib turgani holda, boshqa tomondan qiyg‘os gullab kelayotganini ko‘rib, bu reja asosli ekanligiga amin bo‘lasiz.
Lekin, korxona bu ish bilan kifoyalanib qolishni istamaydi. Shu kunlarda yonma-yon qilib 7 gektarli yana bir issiqxona barpo etilmoqda, u ishga tushish arafasida.
Hozirda hosil ichki bozorga chiqarilayotgan bo‘lsa-da, kelgusi rejalarda eksport bozorlariga chiqish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda xorijiy potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Tadbirkorlikning barakasi shundaki, bir tadbirkor ketidan yuzlab aholi ishli bo‘ladi, qozoni qaynab, turmushi obodlashadi. “Zamin grinvorld” MChJ issiqxonalari ham bundan mustasno emas. Bugungi kunda xo‘jalikda 80 nafar ishchi-xizmatchilar mehnat qilib kelmoqda. Korxona issiqxonalarning navbatdagi bosqichini ishga tushirgach esa, yana 100 ga yaqin aholi ish bilan ta’minlanadi. Bu esa, hududning umumiy farovonligi, iqtisodiy barqarorligiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: