Ichki audit bu tashkilot faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan mustaqil va xolis kafolatlar hamda maslahatlar berish faoliyati hisoblanadi. U tashkilotga o‘z maqsadlari yo‘lidagi xavf omillarini boshqarish, nazorat va korporativ boshqaruv jarayonlarining samaradorligini baholash va yaxshilashga tizimli va izchil yondashish orqali amalga oshirishda ko‘maklashadi.
Ma’lumki, respublikamizda byudjet tashkilotlarida ichki auditni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida qonun hujjatlari qabul qilinmoqda, tizimni zamonaviy talablar asosida shakllantirilmoqda. Jumladan, 2023-yilning 14-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 377-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash va uni amaliyotga tatbiq etish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi buyrug‘ida ham o‘z aksini topdi. Unda vazirlik huzuridagi Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, tizim tashkilotlari rahbarlari qaror bilan tasdiqlangan, Vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq, o‘z ichki audit xizmatlari faoliyatini to‘g‘ri tashkil etilishini taʼminlanish vazifalari belgilab berilmoqda. Bunda ichki audit xizmatlari faoliyatini baholash bo‘yicha savolnoma asosida qayta ko‘rib chiqilishiga alohida eʼtibor qaratilishi talab etiladi.
Bugungi kunda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi Ichki audit xizmatida 13 nafar shtat birligi mavjud bo‘lib, shundan, Markaziy apparatda 3 nafar, tizim tashkilotlarda esa 10 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, Ichki audit xizmatlari o‘z faoliyatida asosiy eʼtiborni molyaviy xato va kamchiliklarning oldini olishga qaratgan. Ular tomonidan yillik ish rejaga asosan, tizim tashkilotlari (ichki audit obyekti)ga bevosita tashrif buyurgan va masofaviy auditni (UzASBO elektron dasturiy tizimi orqali) qo‘llagan holda tizimni takomillashtirishga doir tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Albatta, tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning malakasini oshirishga va shu orqali ularning bilim va salohiyatlarini yanada rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, 10 nafar Ichki audit xodimlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligining O‘quv markazida malaka oshirish seminar-treninglarida faol qatnashgani ushbu eʼtibor va imkoniyatlarning yaqqol dalilidir.
Yevropa Ittifoqi “ASK Facility” loyihasining “Davlat moliyasini boshqarish yo‘nalishida Ichki nazorat bo‘yicha” xalqaro ekspertlari bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan vazirlik tizimidagi Ichki audit xizmatlari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan pilot audit dasturining amalga oshirilayotgani ham bu boradagi izchil amaliyotlarning natijasidir. Jumladan, loyiha doirasida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda “Hisobvaraq-fakturalar”ning to‘lov jarayoni, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar holati bo‘yicha audit dasturlari, shuningdek, xalqaro standart hisoblangan COSO modeliga muvofiq, vazirlik tizimidagi tashkilotlarda ichki nazorat tizimi ahvolini o‘rganish yuzasidan so‘rovnomalar ishlab chiqildi hamda Ichki audit xizmatlarining faoliyatiga tatbiq etildi. Shuningdek, “Riskga asoslangan yillik auditni rejalashtirish”, Ichki audit imkoniyatlari modeli”, “Tashkilotlardagi jarayonlarda xavf omillarini boshqarish” hamda “Ichki nazorat tizimi, hisobot berish va jarayonlarni takomillashtirish” mavzularida seminarlar tashkil etilgani esa soha vakillarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.
Shu tariqa, Qishloq xo‘jaligi vazirligida ichki auditning faoliyatini samarali tashkil etish orqali shaffoflik, xolislik va aniq xulosa va tavsiyalar asosida tizimni shakllantirish va sohani rivojlantirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: