Tarvuz Afrika mintaqasidan kelib chiqqanligi sababli issiqsevar hisoblanadi. Tarvuzning urug‘i +14-16°C da una boshlaydi. Harorat bundan pasayganda urug‘lar yer ustida chirib qoladi, siyrak unib chiqadi. Shuning uchun tarvuz ekinlarini juda erta – yer qizimasdan ekish mumkin emas.
Tarvuzning o‘sib rivojlanishi uchun optimal harorat +25-30°C hisoblanadi. Harorat +12-15 °C gacha pasaysa, ekinlarning guli to‘kilib ketadi, ular o‘sishdan to‘xtaydi va sekin-asta qurib qoladi. 0 °C yoki -1 °C harorat tarvuz ekinlari maysalarini yoppasiga nobud qiladi. Harorat +3-5 °C ga tushib qolsa, voyaga yetgan o‘simliklari ham zararlanadi. Tarvuz nihoyatda issiqsevar o‘simlik bo‘lishiga qaramay, issiqqa unchalik chidamli emas. Barglardagi oqsil +45-50 °C da iviydi. Biroq tarvuzda transpiratsiya jarayoni nihoyatda jadal borganligidan o‘simlik sovib qoladi. Bu hol maʼlum darajada uning issiqqa chidamliligini oshiradi.
Tarvuz yorug‘liksevar o‘simlikdir. Soyada ular sekin rivojlanadi va natijada hosildorligi pasayib ketadi. Shuning uchun ularni soyalab qo‘yadigan o‘simliklar bilan birga yoki meva bog‘lari qator oralariga ekish tavsiya etilmaydi. Tarvuz o‘simligining yerga yoyilib o‘sadigan palagi 2-3 metrgacha yetadi.
Mevasi
Tarvuz mevalari sharsimon, ellipssimon, tuxumsimon, noksimon, silindrsimon va boshqa shakllarda bo‘ladi. Agar sharsimon mevalarning uzunligi 22 sm dan ko‘p bo‘lsa – yirik, 18 sm dan 22 sm gacha bo‘lsa – o‘rta, 18 sm dan kam bo‘lsa – mayda hisoblanadi. Silindr shaklidagi yirik mevalarning uzunligi 35 sm dan ortiq. Mevalarning asosiy rangi oq, och ko‘k, ko‘k, to‘q ko‘k va sariq bo‘ladi. Meva eti pushti, qizil, malina rang, kamdan kam sariq yoki oq rangda bo‘ladi.
Urug‘i
Tarvuz urug‘lari katta kichikligi jihatidan yirik, o‘rta va mayda xillarga bo‘linadi. Rangi oq, sarg‘ish sariq, jigarrang, qizil, qora, kul rang bo‘ladi. Cho‘ziq va keng oval shaklda, uzunligi 14-28 mm, 1000 dona urug‘ og‘irligi 50-100 gramm keladi.
Tarvuz navlari
O‘zbekiston Respublikasi Davlat reestrida tarvuzning 47 ta navi hududlashtirilgan, shulardan 15 ta mahalliy, qolgani chet el navlaridir.
DILNOZ. Erta-o‘rtapishar nav, o‘sish davri 80-85 kun. Mevasi sharsimon, po‘sti to‘q yashil, qora tikansimon gullari bor, vazni 3-4 kg. Eti to‘q qizil, sersuv. Tarkibida qand miqdori 7,5-8,5%. Hosildorligi 30-35 t/ga. Tashishga chidamliligi yuqori.
MANZUR. Ertapishar nav, o‘sish davri 80-90 kun. Palagi o‘rtacha, yon shox va barglar soni o‘rtacha. Bargi konussimon, yashil rangli, bir oz mayin, tukli, och yashil tusda. Mevasi sharsimon, o‘rtacha hajmda, vazni 2,5-3 kg, po‘sti qattiq, och yashil, tikansimon to‘q yashil gullari bor. Eti malinasimon, urug‘lari mayda. Hosildorligi 25-30 t/ga.
QO‘ZIBOY-30. Kechpishar nav, o‘sish davri 120-130 kun. Palagi katta, poyasi uzun. Mevasi yumaloqsimon, yuzasi silliq, yashil, baʼzan qoramtir, yuzasida chetlari jimjima, ingichka, kam bilinadigan tasmalari bor, vazni 5-6 kg, po‘sti qattiq, eti och qizil, sersuv, shirali. Tarkibida quruq modda miqdori 7,2%, qand miqdori 6,8%. Hosildorligi 35-40 t/ga. Qishda yaxshi saqlanadi, uzoq masofalarga jo‘natishga yaroqli, qurg‘oqchilikka chidamli.
HAYIT QORA. Kechpishar nav, o‘sish davri 120-130 kun. Palagi katta, yon shox va barglar soni ko‘p. Bargi konussimon, yashil rangli, biroz mayin tukli. Mevasi sharsimon, yirik, vazni 5-6 kg, yuzasi silliq, meva bandi tomoni sezilmas do‘ngroq. Eti qizil, sersuv, eruvchan, juda shirin. Tarkibida quruq modda miqdori 8,1%, qand miqdori 7,2%. Hosildorligi 35-40 t/ga. Qishda yaxshi saqlanadi.
Yangi tarvuz navlari
SHIRIN NAVI. Erta-o‘rtapishar nav, o‘sish davri 86-89 kun. Mevasi sharsimon, po‘sti och yashil, to‘q yashil o‘rtacha enli tikansimon gullari bor, vazni 3-4 kg. Eti och qizil, sersuv. Tarkibida qand miqdori 11,0-11,4%. Hosildorligi 30-35 t/ga. Tashishga chidamliligi yuqori.
SHARQ NEʼMATI. Erta-o‘rtapishar nav, o‘sish davri 89-90 kun. Mevasi sharsimon, po‘sti oqish yashil, yashil ensizroq tikansimon gullari bor, vazni 4,8-5,4 kg. Yiriklari 10-12 kg. Eti to‘q qizil, sersuv. Tarkibida qand miqdori 10,9 -11,0%. Hosildorligi 39-41 t/ga. Tashishga chidamliligi o‘rtacha.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: