Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida “to‘qsonbosti” usulida (ushbu texnologiya haqida batafsil ma’lumot quyida keltirilgan) ekilgan gulkaram, brokolli, lavlagi, daykon turpi kabilarning ilk hosili yig‘ib olinmoqda. 2022-yil bahor oylarida aholini ertaki sabzavotlar bilan ta’minlash maqsadida 2021-yilning avgust-sentabr va noyabr-dekabr oylarida jami 265,7 ming gektar maydonga piyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa sabzavot ekinlari ekilgan edi.
Shu tariqa, avgust-sentabr oylarida piyoz va sarimsoqpiyoz barcha toifa xo‘jaliklarida 85,9 ming gektar maydonda ekilgani “to‘qsonbosti” ekinlar esa (piyoz, sabzi, ko‘katlar, karamning bir nechta turi, lavlagi, sedana) 179,8 ming gektarga joylashtirilgan. Ushbu maydonlardan barcha toifa xo‘jaliklarida 2022-yilda 4,6 mln tonna, shundan, fermer xo‘jaliklarida 1,7 mln tonna mahsulot yetishtirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, yetishtiriladigan mahsulotlarning 639,7 ming tonnasi eksportga, 200 ming tonnasi qayta ishlashga, 171,6 ming tonnasi zaxiraga jamg‘arishga hamda 3,6 mln tonnasi ichki iste’molga yo‘naltiriladi.
“Qorbosti” yoki “To‘qsonbosti” usulining afzalliklari.
Maʼlumki, bu usulni ota-bobolarimiz qadimdan qo‘llab kelishgan. Odatda (global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq mustasnolarni inobattga olmaganda), qish bizning o‘lkalarda 15-dekabrdan boshlanadi va to 15-martga qadar rosa uch oy – 90 kun davom etadi. Yerga qadalgan urug‘ to bahor kirgunigacha — 90 kun qalin “tuproqli to‘shak” ostida turadi, kun isishi bilan esa darrov unib chiqadi. Dono xalqimiz bu jarayonni obrazli qilib, “90 kunni bosib o‘tdi” maʼnosida shunday atagan.
“To‘qsonbosti” amaliyotini kengaytirishga e’tibor berish bugungi kunda erta ko‘klamda, ya’ni vitaminlarning tabiiy (mavsumiy) tanqis “ilikuzildi” davrida yetarlicha mo‘l hosil olish, ichki bozor ehtiyojini qoplash, shuningdek, eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Ushbu usulning afzalliklari yaqqol ko‘rinib turibdi. Sabzavot ekinlarining urug‘lari qishki yog‘ingarchilik natijasida tuproqdagi namlikka to‘yinadi, ildiz otadi va erta bahorda havo harorati 4-5 0C bo‘lganida begona o‘tlarga oldin unib chiqa boshlaydi.
Harorat 18-200C ga ko‘tarilishi bilan ekinlar jadalroq o‘sa boshlaydi. Kuzda ekilgan sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko‘klamda ekilganiga qaraganda 1,5-2 baravar katta bo‘ladi. Bundan tashqari, “to‘qsonbosti” usuli tezpishar bo‘lib, hosil 25-30 kun oldin yetiladi, hosildorligi ham yuqori – gektaridan 14-15% gachaga yetadi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: