Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) saytida «O‘zbek paxtasi tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnatdan holi bo‘ldi» deb nomlangan maqola chop etildi. Unda qayd etilishicha, har yili O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimiga ikki millionga yaqin kishi jalb etilar edi. XMTning yangi xulosalariga ko‘ra, mamlakat 2021-yilda paxta yetishtirish sikli davrida majburiy va bolalar mehnatiga barham berishga muvaffaq bo‘ldi.
XMT saytida O‘zbekiston paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinda ekanligi qayd etilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakat paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi tizimini bekor qilish va umuman olganda, qishloq xo‘jaligining sobiq iqtisodiy modelini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi»ga muvofiq keng qamrovli modernizasiyalashni o‘z ichiga olgan islohotlar yo‘lini tanladi. Har yilgi paxta terimida keng tarqalgan bolalar va majburiy mehnatga barham berish aynan shu tub o‘zgarishlar fonida ro‘y bermoqda.
XMT hisob-kitoblariga ko‘ra, bundan yetti yil avval O‘zbekistonda paxta sohasini isloh qilish jarayoni boshlanganidan buyon ikki million nafar bola – bolalar mehnatidan, yarim millionga yaqin kattalar esa majburiy mehnatdan ozod qilingan.
XMTning O‘zbekistonda 2021-yilda paxta terimi bo‘yicha mustaqil monitoringi hisobotiga ko‘ra, terimchilar bilan o‘tkazilgan 11 mingta intervyu terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy ravishda ishlaganini namoyish etgan. Respublikaning barcha viloyatlarida majburiy mehnatga jalb qilish holatlari minimal bo‘lgani yoki mutlaqo mavjud bo‘lmagani qayd etilgan.
Paxta terimchilarining bir foiziga nisbatan bevosita yoki taxminiy majburlash holati aniqlangan. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, respondentlarning 0,47 foizi mahalliy hokimiyat, mahallalar vakillari tomonidan ijtimoiy nafaqalar bo‘yicha, 0,12 foizi esa ish beruvchilar tomonidan ish yoki ish haqini yo‘qotish bilan bog‘liq to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki taxminiy tahdidlar haqida xabar bergan.
Xulosalar Jahon Banki bilan kelishuv asosida O‘zbekistonda paxta hosilini 2015-yildan buyon monitoring qilib kelayotgan XMTning uchinchi tomon monitoringi bo‘yicha loyihasining so‘nggi natijalari hisoblanadi.
Suhbatda qatnashgan paxta terimchilarining aksariyati 2020-yildan beri mehnat sharoitlari yaxshilanganini aytishdi. Faqat besh foizi shartlar avvalgi yilga qaraganda yomonroq ekanini bildirgan. Bu transport, oziq-ovqat, suvdan foydalanish, gigiyena va boshqa obyektlarga oid.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi har sakkizinchi shaxs o‘z vaqtida paxta terimida qatnashgan. Terimchilarning 62 foizi xotin-qizlar bo‘lib, aksariyati qishloq joylar aholisi.
Internet-nashr XMT Bosh direktori Gay Rayderdan iqtibos keltirgan:
“Hamkorligimiz yaxshi samara berdi, chunki bu yilgi hisobotga ko‘ra, oradan 7 yil o‘tganidan keyin o‘zbek paxtasi bolalar va majburiy mehnatdan holi bo‘ldi. Endi O‘zbekistonda to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida qo‘shimcha qiymat zanjirini yuqoriga ko‘tarish va millionlab munosib to‘liq kunlik ish o‘rinlarini ochish bo‘yicha maqsadni amalga oshirish imkoniyati tug‘ildi”.
O‘zbekiston Senati raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi rahbari Tanzila Norboyevaning maqolada e’lon qilingan nutqida ta’kidlanganidek:
“Ushbu islohotlar xalq va iqtisodiyot manfaati uchun amalga oshirildi. Boshlang‘ich nuqta paxta yetishtirish bo‘yicha davlat buyurtmasi tizimini bekor qilishdan iborat bo‘ldi, lekin biz shu bilan chegaralanib qolmadik. Mehnat huquqlari borasida savodxonlikni oshirish bo‘yicha kampaniyalar yordamida fikrlash va xatti-harakatlarni o‘zgartirish uchun tinimsiz ishladik. Bola va majburiy mehnat uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Mehnat inspeksiyasini kuchaytirib, umumiy yechim topish maqsadida fuqarolik jamiyati bilan muloqotga kirishdik“.
Maqolada, shuningdek, XMT loyihasining O‘zbekistondagi bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrupning so‘zlari keltirilgan. Unga ko‘ra, kuzatuvchilar O‘zbekistonda mehnat bozori demokratlashganidan dalolat beruvchi o‘zgarishlarni qayd etgan. Birinchi marotaba eng kam ish haqi miqdori nafaqat hukumat, balki O‘zbekiston kasaba uyushmalari va ish beruvchilar bilan ham kelishib belgilangan.
“Biz shuningdek, quyi darajadagi jamoaviy muzokaralar tendensiyasini ham kuzatdik, – deydi Yonas Astrup. – Natijada ko‘plab terimchilarga eng kam ish haqidan ancha yuqori maosh to‘lashgan“.
Bir necha yil davomida XMT bilan birga paxta terimi jarayonini kuzatib kelayotgan mustaqil huquqshunos Shuhrat Gʻaniyev shunday degan:
“Biz yaxshi ish o‘rinlari yaratishga e’tibor qaratishimiz kerak. O‘zbekistonga munosib ish haqi va to‘g‘ri mehnat sharoitiga ega ish o‘rinlari kerak. Bunga erishish uchun bizga O‘zbekistondan yetkazib beruvchilarni izlashga mas’uliyat bilan yondashadigan xalqaro brendlar va riteylerlar zarur“.
XMTning Uchinchi tomon monitoringi loyihasi Yevropa Ittifoqi, AQSH davlat departamenti, Shveysariya va Germaniya hukumatlari ko‘magi ostida amalga oshirilmoqda. U joriy yilning may oyida yakunlanadi va O‘zbekiston hukumati, ishchilar huquqlarini himoyalovchi tashkilotlar hamda ish beruvchilar so‘roviga ko‘ra, Better Work dasturining texnik-iqtisodiy asoslanishi tashkil etiladi. Better Work dasturi XMT va Jahon banki guruhining qo‘shma tashabbusi sanaladi.
Manba: Forced and child labour: Uzbek cotton is free from systemic child labour and forced labour (ilo.org)
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi Multimedia markazi tomonidan ingliz tilidan tarjima qilindi.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: