Sitrus mevalariga bo‘lgan talab O‘zbekistonda kun sayin o‘sib bormoqda. 2016-yil bilan taqqoslaganda, o‘zbek limonlarining eksporti ikki baravarga oshdi va 2021-yilga kelib, 5 097 tonnani tashkil etdi. Shuningdek, mamlakatimizdagi laboratoriyalarda limon, mandarin va apelsinlarning yangi turlari ishlab chiqilmoqda. Shu munosabat bilan 2022-yilda sitruslarni yetishtirish uchun mo‘ljallangan umumiy maydon 4 218 gektarga yetkazilishi rejalashtirilmoqda, bu esa hozir mavjud bo‘lgan maydondan 3 baravar ko‘p. Bu boradagi boshqa ko‘plab maʼlumotlar haqida materialimizda tanishishingiz mumkin.
Apelsinning O‘zbekiston seleksiyachilari tomonidan yaratilgan “O‘zbekiston” navi, mandarinning “Toshkent” navi, shuningdek, limonning respublikamizda yetishtirilayotgan o‘nga yaqin navlari ichki va tashqi bozorda katta shuhrat qozondi.
Sitruschilikni rivojlantirish istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi sitrus mevalarini yetishtirishni tashkil etishga tayyor fermerlarni qo‘llab-quvvatlash uchun issiqxonalarda o‘rnatiladigan muqobil energiya manbasiga ega isitish uskunalarini sotib olish xarajatlarining 30 foizini qoplashga tayyor.
O‘zbekistonda limon eksporti va importi hajmi o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, agar 2016-yilda O‘zbekiston 2 431 tonna limon eksport qilgan bo‘lsa, 2021-yilga kelib bu ko‘rsatkich 5 097 tonnaga yetkazildi. Limon importi borasida ham o‘sish kuzatilmoqda: 2016-yilda – 64,7 tonna, 2021-yilda esa limon importi hajmi 1 099 tonnaga yetdi.
Tahlilchilar O‘zbekistonda 2022-yil yanvar oyi oxirida mevalarning ulgurji narxlarini bir yil oldingi xuddi shu vaqtda qayd etilgan narxlar bilan solishtirishdi va mahalliy mevalar aksariyatining narxi sezilarli darajada oshganini aniqlashdi. Shu bilan birga, sitrus va banan singari import qilinadigan mevalarning narxi tushgani maʼlum bo‘ldi. Chamasi, banan, apelsin va mandarin narxlarining pasayishi O‘zbekiston Hukumatining 2021-yil 21-oktyabrdagi bir qancha mevalarni import qilish bojini vaqtincha bekor qilish to‘g‘risidagi qarori bilan bog‘liq. Natijada, 2022-yil 28-yanvar holatiga ko‘ra, apelsinning ulgurji narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga, mandarin narxi – 23 foizga arzonlashgan. Yil davomida o‘zbek so‘mi atigi 3 foiz devalvatsiya bo‘lgan. Bu bilan ichki bozordagi real narxlar bundan-da pasaygan, deb aytish mumkin.
Issiqxona va laboratoriyalarda ahvol qanday
Bugungi kunda O‘zbekiston mutaxassislari issiqxonalarda va ochiq tuproqda sitrus ko‘chatlarining yangi navlarini, shuningdek, tugunchalar (urug‘lik maqsadida saralangan ikki yillik ekinlar ko‘chatini) yetishtirishga, kasallik va zararkunandalar bilan kurashishga alohida eʼtibor qaratmoqdalar. Laboratoriyalarda mehnat qilayotgan olimlar va issiqxonadagi mutaxassislar boshqa mamlakatlarga eksport qilish va tashish uchun mos bo‘lgan limon, apelsin va mandarin navlarini rivojlantirish ustida bosh qotirmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-fevraldagi PQ-4610-sonli Qaroriga muvofiq, Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida Sitrus, subtropik va tropik o‘simlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etildi. Uyushma respublikada limonchilik tarmog‘ini yana-da rivojlantirish, ilmiy-tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, ilg‘or va zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni qo‘llash asosida yuqori sifatli sanoatbop va eksportbop sitrus mevalarini yetishtirish hajmini oshirish maqsadida tashkil etilgan.
Akademik M. Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI olimlari eng yuqori hosildor va eksportga yo‘naltirilgan navlarni ajratgan holda, milliy navlarning morfologik xususiyatlarini o‘rganishdi va joriy etishdi.
Institut olimlari respublikamiz hududida sitrus daraxtlarini ekish, Davlat reyestriga kiritish maqsadida yangi navlarni ishlab chiqdilar. Ular orasida quyidagilarni qayd etish mumkin:
– Limonning ikkita “Meyer” va “O‘zbekiston” yuqori hosildor navlari. Ularni issiqxonalarda va zovurlarda yetishtirish tavsiya etiladi. Bu navlar erta hosil beradi.
– Apelsinning “Gamlet” navi. Mevalari noyabrda pishib yetiladi. Hosildorligi yaxshi va tashish uchun yaroqli.
– Mandarinning “Klementina” navi. Noyabrda pishib yetiladi va yaxshi hosil beradi.
Shuningdek, institut mutaxassislari sitrus mevalarning quyidagi navlari ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirmoqdalar: “Meyer”, “O‘zbekiston to‘ng‘ichi”, “O‘zbekiston hosildori”, “Toshkent” limon navlari; “Gamlin”, “Vashington Navel”, “Korolyok Grushovidniy”, “Glodkokoriy”, “F1 29221” apelsin navlari va “Klementin”, “Kavano Vase”, “Okitsu Vase”, “Ponkan” mandarin navlari.
Qizig‘i shundaki, masalan, limoninng Markaziy Osiyo mamlakatlarida juda mashhur bo‘lgan “Meyer” navi Gruziya iqlim sharoitlariga moslashtirilgan. O‘zbekistondan tashqari, Tojikistonda yiliga 12-15 ming tonna yetishtiriladi.
O‘zbekiston sitrus mevalarini eksport qilish orqali jahonning yetakchi davlatlari orasida o‘z mavqeini mustahkamlab olishi mumkin. Buning uchun institutlar, laboratoriyalar va issiqxonalardagi mutaxassislar mahsulotlarning sifati va xavfsizligini oshirish, zamonaviy navlarni olish, saqlash, sovutish, tozalash va qadoqlash usullarini yaxshilash ustidagi ishlarni davom ettirmoqda. Ushbu barcha keng qamrovli ishlar hosilning ko‘payishiga, eksportning ortishiga va, umuman, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Spelling error report
The following text will be sent to our editors: