Aholini yilning kech kuz, qish va erta bahor oylarida sabzavot mahsulotlari bilan taʼminlashda himoyalangan maydon, yaʼni issiqxona sabzavotchiligi muhim ahamiyatga ega. Issiqxona sabzavotchiligi qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, xalqimizni qorli-qirovli kunlarda ham sarhil, servitamin oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga imkon beradi.
Sifatli, unumdor va viruslardan holi pomidor mahsulotini yetishtirish uchun issiqxonada ko‘chatlar zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtiriladi. Torf aralashmasiga ekilgan va unib chiqqan urug‘lar kerakli haroratda mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantiriladi, vaqtida sug‘orilib zarur darajagacha o‘stiriladi.
Kuzgi-qishki mavsumda issiqxonadagi pomidor ko‘chatlarining o‘suv nuqtasi 7–8 gulshodadan keyin chilpib tashlanishi tavsiya qilinadi. Bu hosildorlik ortishiga ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Pomidor ko‘chatini har 5–6 kunda 1 marta, ekilgandan so‘ng nisbiy namlikka qarab sug‘orish talab etiladi. Suvning harorati qishda taxminan 15–16 °C da bo‘lishi lozim.
Issiqxonadagi tuproq tahlili natijalariga ko‘ra, tuproqqa qancha miqdorda azot (N), fosfor (R), kaliy (K) berish kerakligi aniqlanadi. Ko‘chatga yoshlik davrida kalsiy (Ca), bor (B), magniy (Mg) li o‘g‘itlar berish yaxshi natija beradi.
Issiqxonalarda sabzavot ekinlaridan yuqori hosil olish maqsadida mineral o‘g‘itlarni meʼyorda qo‘llash, barcha agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirish lozim. Sababi, ekinlar uchun issiqxonalarda maqbul mikroiqlim sharoit yaratilishi yuqori va sifatli hosil garovi hisoblanadi.
Pomidor uchun issiqxonadagi harorat kunduzi +22…+25 °C, kechasi +17…+18 °C, havoning nisbiy namligi 75–80 foiz bo‘lishi maqbul hisoblanadi.
Haroratning zarur ko‘rsatkichlardan oshib yoki kamayib ketishi ekinlarning o‘sib-rivojlanishi, kasalliklarga chidamliligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Ushbu holatning oldini olish uchun pomidor gullariga maxsus preparatlar eritmalari bilan ishlov berish zarur.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi maʼlumoti asosida tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: