2021-yil 20-25-sentabr kunlari O‘zbekistonda Avstriya, Vengriya, Germaniya va Italiya davlatlaridan agrar sohada faoliyat yurituvchi olimlar delegatsiyasi bo‘lib turibdi. Xorijiy mutaxassislar Toshkent davlat agrar universiteti va uning Samarqanddagi filiali hamda Buxoro davlat instituti o‘qituvchi-talabalari uchun qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlar haqida maʼruzalarni o‘qishdi. Olimlar, shuningdek Qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiyalar va xizmatlar AKIS markazida tajriba va axborot almashinuvi maqsadida uchrashuvlar uyushtirib, fermerlar va sohaning boshqa vakillari uchun mahorat darslarini o‘tkazdi.
Maxsus taklif etilgan maʼruzachilar ishtirokidagi seminarlar turkumini yaqinda Toshkent davlat agrar universiteti rektori etib tayinlangan qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev ochib berdi.
“Biz talabalar va o‘qituvchilarning takomillashuvi uchun universitet hayotiga sezilarli va muhim o‘zgarishlarni kiritmoqchimiz, – deya murojaat qildi Jamshid Xodjayev maʼruza ishtirokchilariga. – Shu kunlarda biz agrarchi-talabalar uchun jahonning yetakchi universitetlaridan qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan professorlarning maʼruzalarini tashkil etdik. Maʼruzalarning mana shunday formati talabalar va pedagoglarga manzur bo‘ladi, deb umid qilaman, ularda yangi bilimlarga ega bo‘lish va ko‘plab qiziqtirgan savollarga javob olish mumkin. Biz xalqaro darajadagi mehmonlar ishtirokidagi bunday uchrashuvlarni TDAU bazasida keyinchalik ham tashkil etishda davom etamiz, shu jumladan onlayn formatda ham. Maʼruzachi olimlarning mazkur tashrifi ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizning boshlanishi. Biz agrar bilimni yangi darajaga olib chiqishimiz kerak va bu jarayonni universitetlardan, shu jumladan mutaxassislarning yangi avlodidan boshlashimiz kerak».
Xorijiy ekspertlar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi taklifiga binoan hamda vazirlik huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ishtirokida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 28.07.2021-yildagi PQ-5200-son “Uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida taklif etildi.
Xorijiy olimlar delegatsiyasi tarkibida irrigatsiya, uzumchilik, don-dukkakli va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari sohasida ilmiy izlanishlar qilgan Ralf Jorj, Georg Lukachsiy, Istvan Ipach-Sabo, Akush Molnar, Zabo Zoltan, Jens Veyn va Martino Pedrini kabi yetakchi professorlar bor.
Ma’ruzalar dasturi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazi direktori professor Alisher To‘rayev ishtirokida ishlab chiqildi.
Ma’ruzachilar agrar sohada ta’lim olayotgan talabalar va universitet o‘qituvchilarini uzum ko‘chatlarini yetishtirishda zamonaviy texnologiyalar, uzumzorlar dizayni hamda qishloq xo‘jaligi ekinlari monitoringining o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek agroturizmni rivojlantirishda vino ishlab chiqaruvchilarning roli kabi bir qator mavzular bilan tanishtirib o‘tdi.
Yevropalik olimlar, shuningdek Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanida joylashgan Qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiyalar va xizmatlar markazi (AKIS)da mahalliy mutaxassislar uchun mahorat darslarini o‘tkazdi. Tashrif dasturiga ko‘ra, ular Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti tajriba stansiyasi faoliyati bilan tanishdilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: