Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) taklifiga binoan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 22-27-yanvar kunlari Yaponiyaga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida, chorvachilikning barcha yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Yaponiya tajribasi asosida sovuq suv baliqlarini (forel, osyotr, losos) intensiv usulda yetishtirish, baliqni qayta ishlash, standartlashtirish va sertifikatlash hamda bolalar uchun baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha Yaponiya baliqchilik uyushmasi va “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Muzokaralar davomida ikki mamlakatning yetuk korxona va baliqchilik fermer xo‘jaliklari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish, sohani rivojlantirishda malakali mutaxassislarni tayyorlash va bu borada kelgusida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kelishuvni imzolash bo‘yicha loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilishiga erishildi.
Shuningdek, sovuq suv baliqlarini yopiq suv aylanma tizimi (UZV)da yetishtirish, texnologiyalarni ishlab chiqarish va tadqiqot ishlarini amalga oshirishga ixtisoslashgan eng yirik fermer xo‘jaligi “Hayashi Trout Farm” rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida, “Hayashi Trout Farm” baliqchilik fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasidagi baliqchilik xo‘jaliklari uchun “Smart Aquaculture” dasturiy ta’minotini joriy etish, korxonaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda respublikada Yaponiya tajribasi asosida sovuq suv baliqlarini yetishtirishga mo‘ljallangan “Smart Farm” xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi Vitse Prezidenti Sachiko Imoto bilan uchrashuv tashkil etilib, JICA bilan birgalikda umumiy qiymati 200 million dollarga teng “O‘zbekistonda chorvachilik sohasini rivojlantirish” loyihasi yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Loyiha hujjatlarining yakuni va amaliy harakatlar rejasi ishlab chiqilib, mutaxassislarning malakasini oshirishni ko‘zda tutuvchi grant loyihasi imzolandi.
Bundan tashqari Yaponiya ekspertlarini mamlakatimizga jalb etish, ilmiy-tadqiqot, oliy ta’lim, tashxis markazlari, laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasidagi “Texnik ko‘mak” loyihasi ishga tushirildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: